Rossiyaga borgan oʻzbek migranti patent olishni 25 kun kutadi. Patent boʻlmasa ishlay olmaydi. Bu borada hukumatlararo kelishuvga erishish uchun yaqinda Rossiyaga joʻnab ketyapmiz.
Tubdan yangi boʻlgan, xavfsiz va qonuniy migratsiya tizimi 3ta yoʻnalishdan iborat boʻladi:
Birinchisi, xorijda ishlamoqchi boʻlgan fuqarolarni ketishidan oldin tayyorlash. Yaʼni kasb va xorijiy tillarni oʻrgatib, ularga ishlash uchun chet elga borishiga yordam berish.
Ikkinchisi, xorijda ishlayotgan paytida ularning huquqlarini himoyalash va qoʻllab-quvvatlash.
Uchinchi yoʻnalishda vatanga qaytganidan keyin mahalliy mehnat bozoriga reintegratsiya qilish, yaʼni bandligini taʼminlash.
Rossiyada ishlash istagini bildirgan 2 mingdan ortiq fuqarolarni respublikadagi 33ta markazda kasb-hunarga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan.
Yaqin kunlarda rus tili kurslarini ham tashkil qilamiz. Buning uchun Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti vakillarini Oʻzbekistonga taklif etganmiz. Ular kelib hozirda har bir viloyatni aylanib, markazlarga mahalliy oʻqituvchilarni jalb etishmoqda. Yangi metodikalarni oʻrgatishyapti.
Bundan tashqari, sugʻurta polislarini rasmiylashtira boshladik. Mazkur sugʻurtalar toʻlovlari vazirlik huzuridagi jamgʻarma tomonidan qoplab berilyapti.