Rossiyaning «PO «Vozrojdenie» AJ mutaxassislari Toshkentga keldi

    Xalqaro hamkorlik 26 Oktabr 2022 1268

    Joriy yil 25-oktyabrda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmanov «PO «Vozrojdenie» AJ (Rossiya) bosh direktori Mixail Klobertans boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

    Shahar hokimligida o‘tgan uchrashuvda Sh.Rahmonov poytaxtimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, O‘zbekistonga, xususan, Toshkentga sayyohlarning qiziqishi tobora ortib borayotgan bir paytda shahrimiz aholisi va mehmonlari uchun qulayliklar darajasini oshirishga qaratilgan rivojlanish rejalari haqida so‘zlab berdi.

    Uchrashuvda avtomobil yo‘llari, chorrahalar, ko‘priklar va muhandislik inshootlarini moliyalashtirish, loyihalash va qurish sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

    Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilib, o‘zaro taklif va imkoniyatlarni o‘rganish hamda hamkorlikka oid muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Ma’lumot o‘rnida: «PO «Vozrojdenie» AJ Rossiya Federatsiyasining shimoli-g‘arbiy qismidagi o‘nlab yirik korxonalarni birlashtiradi; eng yangi texnologiyalar va jami 3 500 kishidan iborat yuqori malakali mutaxassislar jamoasidan iborat korxonalar xalqaro sifat standartlariga javob beradigan darajada faoliyat yurityapti. Kompaniya faoliyati geografiyasi Sankt-Peterburg, Vыborg, Moskva, Astraxan, Samara, Velikiy Novgorod, Volgograd, Kaliningrad, Penza, Krasnodar, Krasnoyarsk, Ashxobod va Turkmanboshi (Turkmaniston) va boshqa shaharlarni qamrab oladi.