— Roʻzador odamda qisman jisman toliqish boʻladi. Shunday holatda ham vaksina qabul qilish kerakmi?
— Roʻza tutishda belgilangan talab va amallarni oʻrganib chiqsak, imkon qadar bemor odamlar oʻz salomatliklarini ogʻirlashtirmasliklari uchun ayrim kasalliklarda roʻza tutmasliklari tavsiya etiladi.
Bunday holatlarda, emlash jarayoniga taklif etilgan boʻlsangiz va shifokor koʻruvida kasallikning oʻtkir holati yoki avj olgan davri kechayotgani ayon boʻlsa, bu fuqarolar emlanmaydilar.
Salomatlik koʻrsatkichlari meʼyorida boʻlib, oʻzini sogʻlom deb xis qilgan fuqaro roʻzador boʻlib, emlashga taklif etilgan boʻlsalar, shifokor ularni holatlarini oʻrganib chiqib xulosa qiladi.
Bunda fuqaro salomatligi sogʻlom deb baholanib, emlash tavsiya etilgan boʻlsa, unda emlashdan keyingi davrda – shifokor bilan bogʻlanib turishlari kerak. Sababi turli insonlar organizmining vaksinaga reaksiyasi turli xil boʻladi. Shu bois, emlash olganlar shifokor tavsiyalarini bajarishlari talab etiladi.
Taʼkidlash kerakki, insonlar roʻzalarini buzmay turib ham emlanish orqali organizmda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitet hosil qilishlari mumkin.
Oʻrni kelganda aytish lozimki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati dunyo ulamolari xulosasiga asoslanib, koronavirusga qarshi emlash teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri boʻlganligi, buning ustiga oziqlantiruvchi emasligini inobatga olgan holda vaksina olshish joiz ekani, bu ish roʻzani buzmasligi boʻyicha bayonot bergan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.