Gandbol majmuasining ochilish marosimda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, vazir oʻrinbosari Shaxrullo Maxmudov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi vakillari, sportchi yoshlar, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joiz, zal barcha qulayliklarga ega va zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan. Maydonga ham eng zamonaviy parket toʻshalgan. Hech shubha yoʻqki, bunday ajoyib maydonda mashgʻulot olib boradigan sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda maydonga moslashishda aslo muammoga duch kelmaydi.

Majmuaning tantanali ochilish marosimida sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov hamda 20 yil ushbu dargohga rahbarlik qilgan sport faxriysi E.Giyazov soʻzga chiqib, avvalo Prezidentimizning sportga qaratayotgan ulkan eʼtiborlari tufayli mana shunday ajoyib sport majmualari barpo etilayotgani, ushbu majmuaning foydalanishga topshirilishi bilan Oʻzbekiston gandboli tarixida yangi davr boshlanganini alohida eʼtirof etishdi.

Shuningdek, vazir oʻz soʻzida dunyoda eng ommaviy sport turlaridan biri boʻlmish gandbolni mamlakatimizda yanada ommalashtirish kerakligi, buning ortidan seleksiya jarayoniga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish, iqtidorli yoshlarni tanlab olish va katta sportga yoʻnaltirish, shu bilan birga ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berish orqali professional sportdagi yutuqlarimiz salmogʻini ham oshirishga erishilishini taʼkidladi.

Majmuaning ochilish marosimida taniqli sanʼatkorlar oʻz chiqishlari bilan yigʻilganlarga xushkayfiyat ulashdi.

Shundan soʻng yosh gandbolchilarimiz yangi, zamonaviy maydonda oʻz mahoratlarini namoyish qilishdi. Oʻrtoqlik maqomida oʻtgan ochilish oʻyinida parketga mezbonlar Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji hamda Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi aʼzolari oʻzaro bahs olib borishdi.

Qayd etish joiz, oʻtgan yilning 13-avgustida muhtaram Prezidentimiz olimpiyachilarimizni qabul qilar ekan, kelgusida jamoaviy sport turlarida ham atletlarimizning yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishini taʼminlash borasida muhim topshiriqlar bergandi. Bugun foydalanishga topshirilgan gandbol zalildan esa yaqin kelajakda mahoratli gandbolchilar yetishib chiqadi va ular Yangi Oʻzbekistonga yangi gʻalabalarni taqdim etishiga shubha yoʻq.