Forum doirasida oʻtkazilayotgan “Yangi davrda adliyaning raqamli qiyofasi”) mavzusidagi adliya vazirlarining onlayn va oflayn shaklda ochiq yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Kipr, XXR, Moʻgʻuliston, Singapur adliya vazirlari ishtirok etdi.
Mazkur yigʻilishda adliya vaziri R.Davletov oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib, Oʻzbekiston Adliya vazirligi raqamlashtirish masalalarida oʻzi uchun uchta muhim yoʻnalishni belgilab olgan: bular – tartibga solish muhitini salmoqli ravishda isloh qilish, virtuallik va ochiqlikdir, — deya qayd etdi.
“Nega biz birinchi galda huquqiy bazani qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida gapirayapmiz? Chunki, raqamlashtirishning oʻzi reinjiniring, tartibga solish yuklamasisiz va byurokratik tartib-taomillarini maqbullashtirmay turib hech qanday natija bermaydi. Mavjud tartib-taomillarni raqamli formatga koʻr-koʻrona oʻtkazish avvalgi sarsongarchiliklar va rivojlanish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etmaydi” – deya taʼkidladi adliya vaziri R.Davletov.
Shuningdek, adliya vaziri xorijlik hamkasblariga soʻnggi ikki yil ichida “tartibga solish gilyotinasi” usuli yordamida amaldagi huquqiy baza 10 foizga maqbullashtirilganligi, 3 mingdan ortiq qonunosti hujjatlar bekor qilinganligi, qonunchilikning 60 ta tarmogʻi boʻyicha 15 mingta huquqiy hujjatni konsolidatsiya qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilganligi haqida maʼlumot berdi.
Adliya vazirligi tomonidan texnik jihatdan tartibga solishni tizimlashtirish boʻyicha Loyiha ofisi tashkil etilib, “Davlat-jamiyat-biznes” tamoyili asosida turli manfaatdor tomonlarning norma ijodkorligi jarayonida inklyuzivlikni taʼminlash uchun sharoitlar yaratilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari tomonidan 18 turdagi maʼlumotnomalarni talab qilishning bekor qilinishi har yili qariyb 15 mln dollar mablagʻni iqtisod qilish imkonini berib, 12 mln nafar (aholining 35%) fuqarolarning hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan boshqariladigan “License” tizimi tufayli litsenziya berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron shaklga oʻtkazildi. Litsenziyalar va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi va elektron hujjatlar berishga toʻliq oʻtilishi natijasida 1,5 mln dollardan ziyod mablagʻ, shuningdek 3,5 mln varaq qogʻoz iqtisod qilindi. Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan oʻtgan yili 100 tonna qogʻoz iqtisod qilindi.
Maʼlum qilinishicha, “Virtual adliya” tizimini yaratish ustida olib borilayotgan ishlar davom ettiriladi. Bugungi kunda Adliya vazirligi qariyb 50 ta yirik axborot tizimlari faoliyat yuritishini taʼminlamoqda.
Shuningdek adliya vaziri intellektual mulkning ishonchli himoyasi, adliya organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash, yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini raqamlashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi.
Adliya ish boshlagan yana bir xalqaro ahamiyatga molik alohida yoʻnalish – bu axborot almashish uchun MDHning Yagona elektron platformasini yaratish masalasidir.
Maʼlmuot uchun: 2020-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan maʼlumot almashish uchun MDHning yagona elektron platformasini yaratish tashabbusi ilgari surilgan edi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan maʼlumot almashish uchun MDHning Yagona elektron platformasini yaratish boʻyicha konsepsiya loyihasi ishlab chiqilib, hozirgi vaqtda u MDH Ijroiya qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqish uchun MDHga aʼzo davlatlar hukumatlariga kiritilgan.
Adliya vaziri tomonidan mazkur yoʻnalishda MDHga aʼzo davlatlarning aloqador vazirlik va idoralari, xususan adliya vazirliklarining Yagona elektron platformani yaratish va joriy etish yoʻlidagi hamkorlikdagi saʼy-harakatlari muhimligini qayd etildi.