Ruxsatnomasiz "tonirovka" uchun jarimalar kamayishi mumkin

    Ruxsatnomasiz avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun jarima miqdorini kamaytirish taklif etildi.

    Strategik islohotlar agentligi tomonidan ruxsatnomasiz “tonirovka” uchun jarimalarni kamaytirish taklif etildi.

    Qayd etilishicha, bugungi kunda maʼmuriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlarining yoʻqligi sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib boʻlgan jarima solinishiga sabab boʻlmoqda. Ushbu yoʻnalish tartibga solinmaganligi bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta koʻrib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari koʻpayib ketgan.

    Masalan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln soʻmlik jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11-13 mln soʻm boʻlgan. Bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln soʻm etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa oʻzgarishsiz qolmoqda.

    Misol uchun, Qozogʻistonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun oʻrnatilgan jarima 468 ming soʻmni, Rossiyada 60 ming soʻmni, Belarusda esa 138 ming soʻmni tashkil qiladi.

    Shuningdek, agentlik tomonidan fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti xavfsizligi bilan bogʻliq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq hisoblanishi taʼkidlandi.