Ryazan viloyatining iqtisodiy rivojlanish vaziri Andrey Vorfolomeyev samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama etishni taklif qildi. Ayni paytda Oʻzbekiston bilan Ryazan viloyati oʻrtasidagi hamkorlik toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi sohalarida yaxshi rivojlanganini taʼkidlab, energetika, qurilish, raqamlashtirish, shaharsozlik, maishiy chiqindilarni yoʻq qilish kabi boshqa yoʻnalishlarda ham iqtisodiy aloqalar koʻlamini kengaytirish istagini bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yoʻnalishlarini koʻrib chiqib, muhokama qildilar. Sh.Raxmanov rossiyaliklarni poytaxtimizdagi yangilanish va oʻzgarishlar bilan tanishtirdi, investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida gapirdi, Toshkent shahrini yanada rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning barcha jihatlarini har tomonlama koʻrib chiqishga kelishib oldilar.