SABIC kompaniyasi bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi

    Sanoat 26 Iyul 2022 1574

    Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Ahmedxadjayev kompaniya bosh vitse-prezidenti Nas Kentab va vitse-prezident Muhammad al Zahrani bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuv 2022-yil 25-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi doirasida tashkil etildi.

    Oʻzbekiston tomoni taʼkidlaganidek, Saudiya Arabistonining kimyo ishlab chiqarish transmilliy kompaniyasi boʻlgan SABIC bilan gaz-kimyo sanoati sohasida hamkorlikning qator yoʻnalishlari muhokama etildi.

    Xususan, oʻtgan yili onlayn formatda oʻtkazilgan muzokaralar davomida SABIC kompaniyasi MTO texnologiyasi kabi fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish va boshqa loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

    Uchrashuvda gaz-kimyo sanoati sohasida hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlari, xususan, chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish, MTO loyihasi doirasida ftalik kislota ishlab chiqarish, metanol asosida hamkorlikda polioksimetilen ishlab chiqarish va boshqa qator masalalar muhokama etildi.

    Muhokama etilgan yoʻnalishlarda tomonlarning ishtirok etish imkoniyatlarini batafsil oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.