Japarov oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozgan tabrigida mazkur tarixiy voqea Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Uning yozishicha, YUNESKO sessiyasining Parijdan tashqarida ilk bor 40-yildan soʻng oʻtkazilishi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasi madaniy, maʼnaviy va gumanitar hamkorlik markazi sifatida tobora katta eʼtirofga sazovor boʻlayotganidan dalolat beradi.
– Samarqand shahri ilm, maʼrifat va maʼnaviyat beshigi sifatida konferensiyaga alohida ramziy ahamiyat bagʻishlaydi. Bu Oʻzbekistonning sivilizatsiyalar oʻrtasidagi koʻprik, tinchlik va hamjihatlik gʻoyalarining markazi sifatidagi rolini yana bir bor namoyon etadi, – deyiladi tabrikda.
Sadir Japarov shuningdek, konferensiya doirasida ilgari suriladigan qaror va tashabbuslar taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga va butun mintaqaning ravnaq topishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Qirgʻiziston rahbari oʻzbek xalqiga forumni muvaffaqiyatli oʻtkazish, samarali muhokamalar, ilgʻor qarorlar va ilhomlantiruvchi natijalar tiladi.