Mustaqillik yillari teatr sanʼati rivojini koʻzdan kechirar ekanmiz, uning yoʻli bir tekis boʻlmagani koʻzga tashlanadi. Bu yoʻl maʼlum bir koʻtarilishlar bilan birga, baʼzi yoʻqotishlardan ham holi boʻlmadi. Mavzu doirasida imkoniyatlar kengaygani holda, janrlar bir tekis, tengqadamlikda rivojlanmadi. Hatto baʼzi musiqali drama teatrlarining (Andijon, Jizzax viloyat teatrlari) orkestr oʻra (yama)lari yopib tashlandi. Aksar teatrlar kassabopligini roʻkach qilib, komediya janriga zoʻr berdi. Buni rejani bajarish, deya oʻzini ovutgan rahbarlar ham boʻldi. Jamoalar ham bunga koʻnikdi, tomoshabin ham aynan shu ruhda tarbiyalandi. Shu maʼnoda bu davrni teatrlar uchun katta sinovlar davri deb ham atash mumkin. Sahnalarimizni dastlabki oʻn yilliklarda eʼtiborda boʻlgan, nafaqat rejissyor va aktyorlar salohiyatini, shuningdek, tomoshabinning estetik dinini oshirishda tengsiz boʻlgan mumtoz meros namunalari asta-sekin tark etdi. Bunga katta mehnat va xarajat sabab ekanligi roʻkach qilindi. Biroq dadil aytish oʻrinli, soʻnggi yillarda teatr sanʼatida sezilarli oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda.

Shu maʼnoda Madaniyat vazirligining davlat teatrlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ijodiy ishlar samaradorligini oshirish hamda repertuar siyosatini zamon talablari darajasida shakllantirish maqsadida respublika teatrlarining 2022-yil repertuar rejasiga bagʻishlangan yigʻilishlari sahna sanʼati oldida turgan dolzarb vazifalar ijrosiga qaratilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad ijodiy jamoalar imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, ijodkorlarning iqtidorini toʻla namoyon etish, yosh ijodkorlar mahoratini oshirish orqali teatrlarning joriy repertuarini badiiy yuksak asarlar bilan taʼminlashdan iborat. Zero, yuqorida aytganimizdek, bundan bir necha yil avval teatrlarimiz faqat kassabop spektakllarga ruju qoʻyib, asosan komediya janriga murojaat etgan boʻlsa, bugungi kunda repertuarni shakllantirishda tarixga qaytish, buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli va amalga oshirgan ishlari orqali ularni oʻrnak qilish niyati yana bir bor paydo boʻlgani koʻrinadi.

Tarixiy mavzuni oʻzlashtirish ancha murakkab. Qolaversa, unga tomoshabinni jalb etish ham oson emas. Lekin shu bilan birga tan olish joiz, oʻzbek teatri tarixining eng katta yutuqlari aynan tarixiy mavzuni oʻzlashtirish bilan bogʻliq. Buyuk ajdodlarimiz haqidagi asarlar aynan teatrlarimiz tarixida maʼlum bir bosqich vazifasini bajarganki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi.

Amir Temur va Temuriylar davrini qamrab olgan Ikkinchi Renessans davri vakillari hayoti va faoliyati haqida teatrlarimizda koʻplab asarlar yaratilgan. Xususan, mustaqillik qoʻlga kiritilgach, adolat tantana qilib, oʻz davrida milliy davlatchiligimiz asoschisi boʻlgan Amir Temurga munosabatning oʻzgarishi 1998-yildagi “Navroʻz” teatr festivali mavzusini belgilab berdi. Festivalda namoyish etilgan 14 spektaklda uzoq yillar xalqidan uzoqlashtirilgan buyuk davlat arbobi, mahoratda tengi yoʻq harbiy sarkarda haqidagi maʼlumotlar asosan maʼrifiy shaklda sahna asarlari syujetiga singdirildi. Bugungi kunda bu yoʻldagi ishlar davom ettirilib, qator teatrlarda yil davomida Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Zebuniso, Nodirabegim singari buyuk ajdodlarimiz siymosi aks etgan asarlarni sahnalashtirish rejalashtirilgan. Xususan, Oʻzbek milliy akademik drama teatrida davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirish koʻzda tutilgan Usmon Azim qalamiga mansub “Adolat fasli” tarixiy dramasi buyuk sarkarda va davlat arbobining shaxsiy sifat va fazilatlarini ochish yoʻlidagi dadil qadam boʻlishiga shubha yoʻq.

Teatrlar repertuarini shakllantirishda milliy va jahon dramaturgiyasi namunalariga birdek eʼtibor qaratilayotgani eʼtirofli. Xususan, Sofokl, Shekspir, Shiller, Molyer, Pushkin, Chaykovskiy, Gogol, Chexov singari jahon adabiyotining eng ilgʻor vakillari ijodi namunalari sahnalashtirilayotgani nafaqat asarlarda ilgari surilgan gumanistik gʻoyalarning davrimiz uchun muhimligi, shuningdek, asarlarning rejissyor va aktyorlar mahoratini charxlashdagi ahamiyati bilan ham oʻlchanadi.

Zamonaviy dramaturgiyamizning peshqadam vakillari Sharof Boshbekov, Usmon Azim, Erkin Aʼzam, Hayitmat Rasul, Nurullo Abbosxon, Salohiddin Sirojiddinov, Qoʻchqor Norqobil singari tajribali dramaturglar safini kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni ham tilga olish oʻrinli. Dramaturgiyani yanada jonlantirish, davrning muhim muammolariga boʻlgan eʼtiborini kuchaytirish maqsadida oʻtgan yili Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tarixiy, zamonaviy dramatik, musiqali drama va qoʻgʻirchoq pyesalari” tanlovi bu yoʻlda qilinadigan ishlar koʻlamini yana bir bor namoyon etdi. Tanlov dramaturgiyaga ijodkorlarni qiziqtirish bilan birga, yangi nomlarning kashf qilinishida muhim omil boʻldi.

Tanlovda gʻolib boʻlgan asarlarning teatrlarga sahnalashtirish uchun tavsiya etilgani va bugungi kunda ular repertuarlardan oʻrin olayotgani quvonarli. Xususan, Salohiddin Sirojiddinovning Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻlmas Umarbekovning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan “Oqqush qoʻshigʻi” asari, Minajatdin Qutlimuratovning jamiyatdagi poraxoʻrlik va taʼmagirlik illatlarini fosh etuvchi “Halollik vaksinasi”, folkor manbalar asosida yaratilgan N.Shoyevaning “Nasriddinning sarguzashtlari” shular jumlasidan. Shu bilan birga tarixiy mavzudagi Joʻra Mahmudning “Shoh Murod”, Z.Neʼmatovning “Abdurauf Fitrat yohud zulmatdan ziyo izlab” singari asarlar eʼtirof etilib, teatrlar repertuari uchun tavsiya etildi. Milliy musiqali asarlar salmogʻini oshirish maqsadida Sultonmurod Olimning “Koʻngil ovi” asari, Umid Rasulovning oʻzbek ayollari sadoqatini tarannum etuvchi “Saodat yoʻli”, Fotima Moʻminovaning yoshlar oʻrtasidagi muhabbat va vafo tushunchalarini aks ettiruvchi “Oq daryoga oqqan armonlar” asarlari teatrlarga sahnalashtirish uchun tavsiya etildi.

Sohani rivojlantirishda ijodkorning moddiy manfaatdorligi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda bir necha yillardan beri dramaturglarga toʻlab kelinmagan qalam haqlarining toʻlab berilgani, bu yoʻldagi adolatli qadamlardan biri boʻldi.

Turli tanlovlar, koʻrik-festivallar sahna sanʼati rivojida, ijodkorlar mahoratini charxlanishida katta ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda respublika miqyosida oʻtkazilayotgan koʻrik-festivallarda spektakllarning tomoshabopligini oshirish uchun tanlangan mavzuning dolzarbliligiga, zamonaviyligiga, aktyorlar ijrosi va rejissyorlik yechimi tomoshabinga tushunarli va tez ilgʻab olishi zarurligi inobatga olinadi.

Soʻnggi 2 yilda oʻtkazilgan Respublika qoʻgʻirchoq teatrlarining XII anʼanaviy koʻrik-festivali (2020-yil 5–7-sentyabr, onlayn tarzda), yosh rejissyorlarning “Debyut — 2020” (2020-yil 10–15-dekabr kunlari, onlayn tarzda) VI respublika koʻrik-festivali, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida “Opera va balet sanʼati” (2021-y.) xalqaro festivali, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining ishtirokchi, Boltiqboʻyi va Gruziya davlatlarining IV “Yoshlar teatri sanʼati” forumi, “Navoiy siymosi va asarlari sahnada” respublika teatrlarining festivali jamoalar har qanday sharoitda ham oʻz ishlariga masʼuliyat bilan yondashishi lozimligini yana bir bor namoyon etdi.

Mamlakatimizda teatr sanʼatining oʻrni va uning rivojiga boʻlgan eʼtiborning kattaligi nafaqat mavjud teatrlarni rivojlantirish, shu bilan birga yangi teatrlarni tashkil etilayotganida ham koʻrinadi. Qator qoʻshni davlatlarda teatrlar yopilib, yohud davlat taʼminotidan chiqib ketayotgan bir vaqtda Margʻilonda maqom teatrining tashkil etilishi, “Diydor” yoshlar eksperimental teatr studiyasi, ”Tomosha” bolalar musiqiy teatr studiyalari davlat tasarrufiga oʻtgani buning isboti. Ayniqsa, milliy teatr sanʼatining oʻziga xos turi sifatida maqom sanʼati va teatrning uygʻunlashgan koʻrinishi shaklida paydo boʻlgan maqom teatrining faoliyati eʼtiborli boʻlmoqda. Jamoa tomonidan sahnalashtirilgan “Xamsa” spektakli oʻtgan yil sarhisobida respublika miqyosida tashkillashtirilgan “Alisher Navoiy siymosi va asarlari sahnada” festivalida eng oliy sovrinni qoʻlga kiritgani eʼtirofli. Davlat teatrlari roʻyxatida yangi paydo boʻlgan “Diydor” yoshlar eksperimental teatr studiyasi, ”Tomosha” bolalar musiqiy teatr studiyalari repertuari uchun tanlangan asarlarning mavzu va janr jihatdan rang-barangligi ushbu jamoalardagi ijodiy jarayon haqida ijobiy fikrlarni uygʻotadi. Xususan, “Tomosha” bolalar musiqiy teatr studiyasining yosh avlod maʼnaviy kamolotida oʻz oʻrni boʻlishiga shubha yoʻq.

Teatr sanʼatidagi mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish amaliyoti bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini saqlab qolmoqda. Tajribali va salohiyati yuqori boʻlgan rejissyorlar va aktyorlarni turli teatrlarga asarlarni sahnalashtirish uchun safarbar etish amaliyoti oʻzini oqlab ulgurdi. Xususan, Olimjon Salimov, Valixon Umarov, Marat Azimov, Shomurod Yusupov, Sergey Seduxin singari tajribali rejissyorlar qatoriga dadil kelib qoʻshilgan Asqar Xolmoʻminov, Malika Iskandarova, Nigora Gʻoyibnazarova, Obid Abdullayev, Anvar Abdullayev, Gʻofur Mardonov singari rejissyorlarni turli teatrlarda asarlar sahnalashtirishlari uchun imkoniyatlar yaratilayotgani jamoalarga yangi “havo” kiritish bilan birga, ijodkorlarning yangi qirralarini kashf etilishiga sabab boʻlmoqda. Bu holat sogʻlom raqobatni shakllantirib, badiiy yuksak asarlar yaratilishiga undaydi.

Qolaversa, teatr sanʼati yangilanuvchi jarayon, unda yoshlarning yangiliklari, zamonaviy qarashlari juda ham zarur. Shu maʼnoda yangi Renessansning asosiy maqsadi nafaqat yangi nomlarni aniqlash, shuningdek, ularga masʼul vazifalarni ishonib topshirishda ham koʻzga tashlanadi. Asqar Xolmoʻminovning Milliy akademik drama teatri, Nigora Gʻoyibnazarovaning Sirdaryo viloyat musiqali drama teatri, Anvar Abdullayevning Fargʻona viloyati rus drama teatri, Obid Abdullayevning Fargʻona viloyati musiqali drama teatridagi bosh rejissyor lavozimlarida boshlagan faoliyatlari oʻz natijalarini bermoqda. Xususan, Asqar Xolmoʻminov sahnalashtirgan “Tong otgan taraflarda”, “Oʻzgalar dardi”, “Urush odamlari” spektakllari, Nigora Gʻoyibnazarovaning Sirdaryo teatrida sahnalashtirgan “Otamdan qolgan dalalar”, “Momo yer” spektakllari, Anvar Abdullayevning “Qaysar qizning quyilishi”, “Yevgeniy Onegin”, “Shoh Baxrom uchun Moh” singari spektakllari, Obid Abdullayev tomonidan Fargʻona viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Lola yohud barxanlarda ungan gul” spektakllari oʻzbek teatriga umidli rejissyorlar kirib kelayotganining yorqin isboti.

Oʻzbek teatrlarida amalga oshirilayotgan ishlarning koʻlami keng. Undan kutilayotgan natija ham katta. Sahna sanʼati avvalo insonga, uning maʼnaviy kamolotiga, jamiyatning ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qilar ekan, uning ijodkorlari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni barcha davrlarda boʻlgani kabi sidqidildan bajarishlarida faqat sobitqadamlik tilaging keladi.

Dilfuza RAHMATULLAYEVA,

sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor