Avvalo, gap nima haqida? Saidov kimning arpasini xom urdi? Aybi bir fuqaroni urib oʻldirgan Andijondagi uchta qonunbuzar va vijdonsiz melisani matbuot anjumanida yaxshilab tanqid qilganimi yoki bu ishda Ombudsmanning viloyatdagi boʻlimining ham oʻz vaqtida koʻz-quloq boʻlmay ayblaganimi? Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning koʻzi qayoqda edi deysizmi?
Akmal aka avvalo, bu voqealarda hammamiz birdek aybdor ekanimizni aytmoqda. Aybni qaysidir tashkilotni zimmasiga qoʻyib qoʻyayotgani yoʻq. Qolaversa, u Spikerning 1-oʻrinbosari sifatida ham bunday bayonot berishga haqliki, buni unutmaslik kerak.
Uning Inson huquqlari milliy markazi byudjetdan olayotgan puliyu xalqaro grantlari haqida yozishdan avval markaz necha yillab fidoyi xodimlari bilan bir tayinli boshpanasiz, arzimagan maosh olib umrguzaronlik qilganini unutmaslik kerak. Markazning bu kunlargacha kelishining oʻzi boʻlgan emas. Xorijiy tashkilotlar ham bir soʻm grantni bejizga bermaydi, agar foydali ish koʻrsatilmasa, osmondan mablagʻni chalpak qilib yogʻdirmaydi.
Avvalgi davrlarda BMTning inson huquqlari boʻyicha koʻplab anjumanlarida ham agar qiynoqlar masalasida gapirgan boʻlsa birinchi navbatda, Birinchi Prezident Islom Karimovni himoya qilib emas, Oʻzbekiston manfaatlarini eng ustun bilib, “absurd” yoki “toʻqima” emas, har bir soʻzining harfigacha asoslab, oʻsha davrdagi siyosiy voqeylikni ham toʻgʻri idroklagan holda xalqaro ekspertlarga munosib javob qaytargan. Agar bunga shubhangiz boʻlsa, oʻsha chiqishlarni bemalol koʻrib, matni bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Bugun ogʻzini koʻpirtirib botir boʻlayotgan ayrim inson huquqlari himoyachilari kabi oʻtgan davrga tosh otish, marhum Birinchi Prezidentga adogʻi yoʻq qoralash bilan yashayotgani ham yoʻq. Qolaversa, asosiy boʻhtonlarni urchitayotgan ayrim shovvozlar oʻsha davrlarda sichqonning kavagida kim xoʻrak berishini kutib, nafasi chiqmay yotganini ham koʻpchilik yaxshi biladi.
Jasliq qamoqxonasini yopilishi haqida ham barcha sabablarni, Prezidentning inson huquqlari borasidagi siyosati mazmunini toʻqqiz pulday ochiq va tushunarli qilib yetkazib bergandi. U hech qachon qiynoqlar yoʻq demadi, avval boʻlganini ham inkor qilmadi. Ammo ichki ishlar vazirligining barcha tergov izolyatorlarini ertalabdan kechgacha Akmal Saidov boshqarayotgan markaz nazorat qilishi mumkin ham emasligini oldi-orqasiga qaramay yozayotgan havaskorlar nahotki tushunmasa...
Agar u kishi matbuot anjumanida marhumning oila aʼzolarini bloggerlar qiynab yuborgani haqidagi faktni ochiq aytgan boʻlsa, ayrim blogerlardan masʼuliyatliroq boʻlishni talab qilgan boʻlsa, hammani tanqid qilishga qodir bir toifa bloggerlar nega oʻzlari bu tanqidga toqat qila olmay, dunyoni ayuhannos solib buzishlari kerak? Chidang, mard boʻling, toʻgʻri gapni gapirsa qabul qilishni sizlar ham endi oʻrganing.
Men hozir Akmal Saidov qoʻlida qancha-qancha salohiyatli olimlar, yetakchi mutaxassislar tarbiya topgani, uning ilmdagi ibratli maktabi, qonun ijodkorligi va jamoat ishlaridagi faolligi haqida, xalqaro maydondagi yirik tadbirlarda Oʻzbekiston manfaatlarini doimiy ravishda himoya qilib kelayotgani, qator ilmiy izlanishlari va yozgan qimmatli asarlari xususida alohida toʻxtalib oʻtish niyatim yoʻq.
Men boshqarayotgan Federatsiya ham nodavlat notijorat tashkiloti boʻlib, biz Akmal akadan doimo samimiy ragʻbat va qoʻllab-quvvatlashni olganmiz.
Joriy yilning 18-iyun kuniMDHga aʼzo mamlakatlar va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YEOII) aʼzo mamlakatlar isteʼmolchilar huquqini himoya qilish masalalari boʻyicha xalqaro forumni oʻtkazgan edik. Unda ne-ne kazo-kazolarni taklif etsak-da faqat Akmal aka ishtirok etib, bizga bevosita koʻmakdosh boʻlganidan, mazmunli maʼruza qilib, xalqaro jamoatchilikni respublikamizdagi vaziyatni toʻla-toʻkis ochib berdi.
Shundan soʻng qilayotgan ishlarimiz bilan yaqindan tanishib, meni oʻzining shuncha yumushidan ortib, har bir jamoat tashkilotlari ahvolidan doimo boxabar boʻlib, ularni har tomonlama ragʻbatlantirib kelayotganidan mamnunmiz.
Jamoat tashkilotlari bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni oʻrnatish nechogʻli muhimligi masalasini dadil koʻtarib chiqqan ham aynan Saidov. Mana shu asosida tadbirkorlar bilan hamkorlikda viloyatlarimizda ellikga yaqini Isteʼmolchilar uylari va isteʼmolchilar kutubxonasini qurayapmiz.
Bu tajribali, isteʼdodli, vijdonli, fidoyi va chinakam jonkuyar shaxsga otilgan tosh har qanday toshni shu bois hazm qila olmaymiz.
Jahongir Sarimsoqov,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi