Ana shu muhim yoʻnalishlar hamda yaqinda qabul qilingan “ Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yana-da takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida ” gi Farmon ijrosini taʼminlash borasida Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan bank foydasiga undiruvlar bilan bogʻliq ijro xujjati ijrosini taʼminlash maqsadida kunlik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Byuroning Namangan shahar boʻlimi davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida bank foydasiga salkam 1 mlrd. soʻm kredit qarzdorligi undirib berildi.
Aniqlanishicha, ATB “Infinbank” Namangan viloyat filiali va “DEGRA SAVDO SERVIS” MCHJ bilan shartnomaga asosan kredit ajratilgan. Ushbu kreditni belgilangan foizi bilan vaqtida qaytarish yuzasidan jamiyat majburiyat olgan. Biroq, mablagʻni qaytarishga kelganda jamiyat tomonidan yelkadagi majburiyat bajarilmaydi. Oʻz oʻrnida kreditdan qarzdorlik 909.726.028 soʻmni tashkil etadi. Bank oʻz navbatida nizolarni hal etish yuzasidan sudga murojaat etadi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan undiruvchi bank foydasiga, javobgarlar DEGRA SAVDO SERVIS” MCHJ va qoʻshimcha javobgarlardan kredit qarzdorligini undirish belgilab qoʻyiladi.
Ushbu ijro hujjati Byuroning Namangan shahar boʻlimi ish yurituviga olingan. Mazkur ijro hujjatlari boʻyicha davlat ijrochisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining tegishli moddalariga asosan qaror qabul qilinib, qaror nusxasi qarzdorlarga ijro etish uchun topshirilgan.
Olib borilgan ijro xarakatlari natijasida jamiyatdan 909.726.028 soʻm kredit mablagʻlari undirilib amalda ijrosi tamomlandi.