Salomatlikni mustahkamlashning samarali yo'li

    Prezidentimizning oʻtgan yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo boʻlishini taʼminlash, zararli odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan.

    Ayni paytda jismoniy faollikni yoʻlga qoʻyish va sogʻlom ovqatlanish vositasida xalqimizning salomatligini saqlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Shu saʼy-harakatlarga monand bu boradagi tashkiliy, ilmiy va amaliy ishlar koʻlami kundan-kun kengayib bormoqda.

    Hozir inson sihat-salomatligiga putur yetkazadigan omillar asosan uchta: kamharakatlilik yoki gipodinamiya, oshiqcha vazn hamda stress omillar.

    Gipodinamiya koʻproq texnika taraqqiyoti tufayli kelib chiqdi. Insoniyat paydo boʻlganidan buyon yashash uchun ovqat topib yeyish, dushmanlardan qochib-qutulishi yoki ularni yengib tirik qolish hamda boshqa tabiiy ehtiyojlarni qondirish yoʻlida doim faol harakatda boʻlgan. Bunday turmush tarzi million yillar davomida insonning nasl-nasabiga genetik yoʻl bilan singib ketgan. Shu bois tanadagi barcha aʼzo va tizimlarni tashkil qiluvchi hujayra va toʻqimalar faqat yetarli darajada harakatga toʻyingandagina yaxshi oʻsadi, rivojlanadi, koʻpayadi, faollashadi.

    Odamning kamharakatlilik holatiga yuz tutganiga koʻpi bilan yuz yil boʻldi. Olimlarning hisob-kitoblari shuni koʻrsatadiki, bundan taxminan bir asr oldin inson butun faoliyati davomida bajaradigan 90–95 foiz ishini qoʻl, oyoq, tana kuchi yordamida, qolgan 5–10 foizini esa oʻsha paytdagi mashina va mexanizmlar orqali ado etgan. Hozir esa buning aksi kuzatilmoqda.

    Ortiqcha vazn va semizlik ham taxminan gipodinamiya asrida paydo boʻlgan salomatlik kushandalaridan hisoblanadi. Yoshi 70–80 atrofidagi zamondoshlarimiz yaxshi biladiki, ilgari, ayniqsa, qishloqlarda semiz odamlar juda kam uchragan. Borlari ham iqtisodiy baquvvat oilalardan chiqqan mansabdorlar boʻlgan. Shu bois boʻlsa kerak, oʻsha paytlardagi hajviy asarlarda boylar doim semiz, yuzi doʻmboq, qorni osilgan holatda aks ettirilgan. Hozir shahar va qishloqlarimizda ortiqcha vaznli, qorin qoʻygan, baqaloq kishilar ancha serob. Boz ustiga, bunday holat nafaqat kattalar, balki yosh bolalar, oʻquvchilarda ham koʻp kuzatilayotir.

    Oshiqcha vaznning hosil boʻlishi, asosan, isteʼmol qilinadigan taomlar tarkibidagi mavjud quvvatning bajariladigan saʼy-harakatlar, tanadagi barcha aʼzo va tizimlar faoliyati, oʻsish va ulgʻayish, jismoniy va aqliy mehnat kabilarga sarflangan miqdoridan ziyod boʻlishi tufayli yuzaga keladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, koʻpchilik zamondoshlarimizning kundalik ovqatidagi umumiy mavjud energiya 3000–3500 kkalga teng boʻlsa, sarf qilinishi 2500–3000 kkaldan oshmayapti. Ushbu farq oʻz-oʻzidan havoga uchib ketmaydi. Tanada toʻplanib, zarur boʻlganda zaxira quvvat beradigan yogʻga aylanadi va teri tagida, ichki aʼzolar atrofida toʻplanadi.

    Ziyoda energiya nima uchun aynan yogʻ koʻrinishida toʻplanadi? Gap shundaki, yogʻ oqsil, uglevodlarga nisbatan ikki marta koʻp quvvat zaxirasiga ega. Bu organizm uchun manfaatli. Chunki u yogʻ zaxirasi bilan oʻzini ochlik sharoitida ancha vaqt energiya bilan taʼminlab turishi mumkin. Ikkinchi tomondan, hozir oziq-ovqat mahsulotlari sezilarli darajada moʻl-koʻl. Xususan, taomlarning yogʻli va shirin boʻlishi bu oʻrinda xarakterli boʻlib, boz ustiga, bu ovqatlar energiyaga ancha boy. Taomlar tayyorlanish texnologiyalari bilan bir-biridan lazzatliki, ulardan yegan sayin yegingiz kelaveradi. Ancha-muncha ortiqcha kaloriya qabul qilib qoʻyish va oshiqcha vaznga ega boʻlish, semirish oppa-oson. Tanadagi yogʻ zaxirasining meʼyoridan oshib borishi esa, birinchi navbatda, davr kasalliklari (qonda xolesterin koʻpayishi, yurak-qon tomirlari xastaliklari — ateroskleroz, qon bosimining koʻtarilishi, yurak infarkti, insult, qandli diabet kabilar)ning kelib chiqishida asosiy sababchi boʻlishi sir emas.

    Salomatlik kushandasi boʻlmish stress omillar ham keyingi oʻn yilliklarda ancha koʻpaydi. Kundalik turmushda hayotiy tashvishlarning tobora orta borishi, koʻp xonali, salobatli uy-joy, avtomashinaga ega boʻlish va farovonlikni tobora yaxshilash borasidagi boshqa saʼy-harakatlar koʻp hollarda diqqatni oshirib, odamlarni ortiqcha bezovta qilib qoʻymoqda. Ushbu holat er-xotin, bola-chaqa, qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi dastlab arzimagan kelishmovchiliklarga, keyinchalik katta janjallar, oilaning buzilishi, aka-ukalarning yuz koʻrmas boʻlib ketishi va ayrim hollarda oʻlim bilan tugashiga sabab boʻlmoqda. Bu ruhiyat bilan bogʻliq zararli stress omilning salbiy oqibatlaridir. Barcha stress omillarda seziladigan birinchi belgi qonda adrenalin gormonining koʻpayib ketishidir. Ushbu holat ajraladigan gormon miqdoriga qarab yurak urish chastotasini tezlashtiradi. Qon bosimini oshiradi. Qon tomirlarini toraytirib, moddalar va energiya almashinuvini kuchaytiradi. Kishi bezovtalanib, tinchini yoʻqotadi. Bamaylixotir, bagʻrikenglik bilan chuqur oʻylab bajariladigan faoliyat oʻrniga shoshmashosharlik, yugurib-yelish bilan beoʻylov ish qilib qoʻyish ehtimoldan uzoq boʻlmaydi. Shuning uchun ham dono xalqimiz “Jahl kelganda — aql ketar” deb bejiz aytmagan. Ushbu iboraning fiziologik mohiyati shuki, koʻpaygan adrenalin ayrim aʼzolarda (masalan, bosh miyada) qon aylanishini kamaytirib, boshqalarida koʻpaytiradi. Organizmni jismonan kuch ishlatib, xavf-xatardan saqlashga yoʻnaltiradi. Bosh miyaga qon yetarli miqdorda bormasligi asab hujayralari va ulardan tashkil topgan nerv markazlarining kislorod bilan taʼminlanishini sezilarli darajada pasaytiradi. Natijada xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyiladi. Notoʻgʻri qarorlar qabul qilinadi. Murosa oʻrniga kelishmovchiliklar, koʻngilsiz voqealar, noxushliklar yuzaga keladi.

    Salomatlikka putur yetkazuvchi mazkur omillar bartaraf qilinishi uchun dastavval barcha hujayra va toʻqimalarning kislorod bilan taʼminlanishini yaxshilash lozim. Buning uchun esa tanada qon aylanishi ravon boʻlishi kerak. Gipodinamiya, tanada yogʻ koʻpayib, semirish hamda zararli stress omillar taʼsirida qon tomirlaridan, xususan, kapillyarlarda qon oqishi keskin susayadi. Tomirlarning torayib qolishi natijasida kislorod yetishmasligi (gipoksiya) kuzatiladi, aʼzo va tizimlar faoliyati sekinlashib, kasalliklarga keng yoʻl ochiladi.

    Qon aylanishini yaxshilashning eng samarali yoʻli jismoniy faollik, sogʻlomlashtiruvchi, harakatli mashqlar, mehnat va ommaviy sport turlari bilan shugʻullanishdir. Bunday faoliyat bilan yoshu qari shugʻullanishi salomatlikni mustahkamlashda beqiyos oʻrin egallashi azaldan maʼlum, fanda ham toʻliq isbotlangan. Shu bois ham dunyoda bunday jismoniy faollikka keng katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, haftaning muayyan kunlari sport toʻgaraklarida qatnashish, velosiped va trenajyorlardan koʻproq foydalanish, hech boʻlmaganda, har kuni oʻrta hisobda kamida 6-7 ming qadam piyoda yurish urfga kirmoqda. Tabiiyki, bu harakatlarning samarasi yuqori boʻlayotgani qayd etilyapti.

    Bajariladigan jismoniy harakatlar shugʻullanuvchilarning jinsi, yoshi, ob-havo sharoiti, jismoniy tayyorgarlik darajasi hamda funksional koʻrsatkichlar (yurak urishi soni, qon bosimi, nafas olish soni, oʻpkaning tiriklik sigʻimi)ga mutanosib boʻlishi shart. Toki shugʻullanish kishiga ham jismoniy, ham maʼnaviy zavq bersin. Mashgʻulotdan keyin tanada yengillik sezilsin. Bularning oʻrniga lanjlik, charchoq, holsizlik, ayrim hollarda koʻngil aynishi, bosh aylanishi, behuzurlik kuzatilishi foyda emas, balki zarar keltiradi. Shuning uchun har kim haftada oʻzi uchun shugʻullanish soni, har bir mashgʻulotning davomiyligi, tezligi, kunning qaysi qismida amalga oshirilishini mutaxassis yordamida aniqlab olishi kerak.

    Bu oʻrinda esdan chiqarmaslik kerakki, har kim organizmining jismoniy imkoniyatlarini oʻzi yaxshi biladi. Masalan, oʻrtacha tezlikdagi oddiy yurishni odatga aylantirishda kishi jinsi, jismoniy holati va yoshiga qarab moʻtadil yurak urish sonini belgilab olishi kerak. Buning eng oson usuli shuki, 220 sonidan yoshni ajratish kerak. Masalan, 40 yoshli odam mashq bajarganda yurak urishi soni 220-40=180, 50 yoshlida 220-50=170 boʻlishi maqsadgna muvofiq. Lekin bu formulalar orqali hisob-kitob qilish faqat qayd qilingan yoshda sogʻligʻida nuqsoni yoʻqlar uchun moʻljallangan. Ammo 50 yoshdan keyin koʻpincha har tomonlama sogʻlom odam kam topiladi. Shuning uchun ham nafaqa yoshiga yetgan va undan oshganlarda mashgʻulot tufayli yurak urish soni 100 dan oshib ketmasligi kerak. Aks holda yurak va qon aylanish tizimi faoliyatida noxush holatlar kuzatilishi mumkin. Jismoniy mashqlar (yurish, suzish va boshqa mashgʻulotlar) naf keltirishi uchun oʻrtacha tezlikda bajarilishi kerak. Sekin bajarilsa, tomirlardagi qon harakati hujayra va toʻqimalarning kislorodga talabini qondira olmaydi. Tez boʻlsa, yurak urishi moʻtadil koʻrsatkichdan oshib, faoliyatida muammolar kelib chiqishi mumkin. Yurish mashgʻulotlari qanday tezlikda bajarilayotganini quyidagi testga koʻra ham bilish mumkin: agar yurib borayotganda biror kuy yoki qoʻshiq bemalol ijro etilsa, yurish sekin, hamrohingiz bilan nafasingiz qaytmasdan gaplashib ketaversangiz, oʻrtacha, gapirishga qiynalib, entikib qolsangiz, demak, tez yuryapsiz.

    Yana shu ham muhimki, jismoniy mashqlardan keyin yengil ter ajralishi kuzatilsa bu hol ham mashgʻulot maqsadga muvofiq bajarilganidan darak beradi.

    Shoniyoz QURBONOV,

    biologiya fanlari doktori, professor

    Gulnoza BOʻRONOVA,

    fiziolog