Bugun, 6-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozogʻiston davlat chegarasidan oʻtkazish masalasi boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozogʻiston tomoni bilan kelishuvga binoan, Oʻzbekiston fuqarolarini yoʻlovchi poyezdlari orqali olib kelish jarayoni boshlandi.
Toshkent – Buzuluk – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd 918 nafar yoʻlovchi bilan bugun tunda Oʻzbekiston tomon yoʻlga chiqadi. Toshkent – Kinel – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd esa 7-avgust kuni 918 nafar yoʻlovchilar bilan tushdan soʻng Vatanimiz tomon harakatlanishni boshlaydi.
Ushbu reys chiptalari faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Buzuluk va Kinel vokzallarida sotildi. Buzuluk — Toshkent yoʻnalishidagi chiptalar narxi 1 287 000 soʻm (9 259 rubl), Kinel — Toshkent – 1 357 000 soʻm (9 761 rubl) ni tashkil etadi. Yoʻl davomida yoʻlovchi poyezdlar faqat texnik koʻrik uchun toʻxtatiladi, yaʼni stansiya-vokzallarda yoʻlovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.
Poyezdlar Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu reyslarda olib kelingan yoʻlovchilar poyezdlardan tushishi bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi.