Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli boʻlgan bunday muloqot favqulodda zarur hisoblanadi. Shu bois Oʻzbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etishdan mamnundir.
Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr boʻlganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir. Ushbu tashabbusning mohiyati davlatimiz rahbari tomonidan BMTning 78-sessiyasida yana bir bor taʼkidlab oʻtildi.
Mazkur gʻoyani yoshlar orasida ham ommalashtirish maqsadida Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talaba yoshlari oʻrtasida shu yil noyabr-dekabr oylarida “Samarqand birdamlik tashabbusi – yoshlar nigohida” mavzusidagi yosh rassomlar koʻrik-tanlovini eʼlon qilgan edi.
Tanlovda tasviriy sanʼatning rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik yoʻnalishida ijod qilayotgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn oliygohining 70 nafardan ortiq yosh ijodkorlar oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlari Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy aʼzolari, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining aʼzolari, taniqli ijodkorlardan iborat nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan baholanib, jami 7 nafar yosh ijodkorlar tanlov gʻolibi deb topildi.
Jumladan, tanlovda birinchi oʻrin Adibaxon Ravshanovaga “Sharq gavhari” asari uchun, ikkinchi oʻrin Jahongir Toʻxtapoʻlatovga “Afrosiyob” gipsdan ishlangan badiiy asari uchun, uchinchi oʻrin Farrux Mamadiyorovga “Samarqand ruhi” asari uchun berildi. Shuningdek, 4 nafar yosh ijodkor “Eng yaxshi rangtasvir asari”, “Eng yaxshi grafika asari”, “Eng yaxshi xaykaltaroshlik asari”, “Eng yaxshi amaliy sanʼat asari” uchun ragʻbatlantiruvchi mukofotlarga sazovor boʻlishdi.
Joriy yilning 19-dekabr kuni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi va koʻrgazmasi oʻtkazildi. Tanlovning barcha ishtirokchilari diplom va sertifikatlar, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimidan soʻng ishtirokchilar va mehmonlar ijodiy ishlar asosida tashkil etilgan koʻrgazma bilan tanishib chiqishdi. Tadbir yakunida yosh iqtidorlarga yangi marralar, ulkan zafarlar, pok tuygʻular, ijodiy yutuqlar hamrohligi tilab qolindi.
Tashkil etilgan tadbir hech shubhasiz, mamlakatimizda yosh iqtidorlarimizga koʻrsatilayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir dalilidir.