Markazga ISO sertifikatini G-CERTI xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotining Oʻzbekistondagi vakili Dilshod Moʻydinov topshirdi.
ISO sertifikati odatda biror tashkilotning mijozlarga koʻrsatilayotgan sifatli xizmati uchun beriladi. Xususan, SamDTI 2-klinikasining faoliyati G-CERTI xalqaro tashkiloti tomonidan oʻrganilgan va eʼtirof etilgan.
«Markazimizda bugungi kunda nafaqat Samarqand, balki qoʻshni Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan xirurgik kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilyapmiz. Oʻrtacha bir yilda 20 mingta murojaat boʻlsa, shundan 10 ming nafar bola davolanishga yotqiziladi. Olti mingta murakkab operatsiyalar oʻtkaziladi. Birgina urologiya sohasida ham kattagina yutuqlarga erishdik. Ushbu yoʻnalishda respublikada birinchi boʻlib endourologik operatsiyalarni amalga oshirdik», deydi SamDTI bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri Shuhrat Yusupov.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin, bolalar xirurgiyasi markazi hozirgi kunda tibbiyoti rivojlangan koʻplab davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Klinika shifokorlaridan 30 nafari Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglar uyushmasi aʼzosi hisoblanadi.