Mazkur filialning asosiy vazifalari etib hududda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish kabilar belgilanmoqda.

Shuningdek:

– fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʻliqligini taʼminlash;

– xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;

– respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filial ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirib borish;

– Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish.

2023/2024 oʻquv yilidan Jizzax davlat pedagogika universitetining “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filialida davom ettirishlariga ruxsat beriladi.