Tasvirda shu yilning 7-sentyabr kuni Samarqand shahri Universitet xiyoboni Oqsaroy koʻchasidan Amir Temur maqbarasiga qarab kirish yoʻlining oʻng tomonidagi uch tup daraxt kesilganini koʻrish mumkin.
Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda “Shahardagi xatarli yoxud eʼtiborga muhtoj daraxtlar” sarlavhasi ostida murojaat tarqalgan.
Unda chirib, yiqilish xavfi yuqori boʻlgan daraxtlar haqida maʼlumot berilgan. Ushbu murojaat Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan oʻrganilib, uch tup chinor daraxti tashqi taʼsirlar natijasida hozirgi kunda oʻzining mustahkamlik holatini yoʻqotganligi, tanasida gʻovaklar paydo boʻlib, yoʻl tomonga 40 darajaga ogʻib qolishi oqibatida insonlar hayoti uchun xavflilik darajasi yuqori boʻlib qolganligi aniqlandi.
Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasining tegishli xulosalariga koʻra mazkur daraxtlarni insonlar hayoti va mol-mulkiga ziyon yetkazish darajasi yuqori boʻlgani hisobga olingan holda daraxtlar kesilib, oʻrniga yangidan xuddi shunday chinor daraxtlari ekilgan.








