“Oʻzida koʻp ming yillik tarix va qadriyatlarni mujassam etgan, zamonaviy meʼmorchilik anʼanalari asosida kundan-kunga chiroy ochib borayotgan bu ulugʻ zamin dunyo sivilizatsiyasida oʻz oʻrnini tobora mustahkamlab bormoqda”, — dedi Prezidentimiz.
Xususan, “Boqiy shahar” majmuasi barpo etilgani, 40 dan ziyod muqaddas ziyoratgohlar obod boʻlgani, “Samarqand” xalqaro aeroporti yangidan qurilgani, oʻnlab xalqaro brend mehmonxonalar ish boshlagani viloyat turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Samarqand soʻnggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markaziga, koʻplab yirik xalqaro tadbirlar, forum va anjumanlar uchun muloqot maydoniga aylandi.
Shu yilni oʻzida bu yerda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjuman tashkil etilgani, ayniqsa, yaqinda UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi oʻtkazilgani chindan ham ulkan voqea boʻldi.
Umuman, turizm va unga turdosh sohalarga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgani uchun viloyatga sayyohlar oqimi 2016-yilgidan 7 karra oʻsdi, turizm xizmatlari eksporti 600 million dollarga yetdi.