Samarqand va Navoiyda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Samarqand va Navoiy viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulungʻur tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “X.n.” fermer xoʻjaligi rahbari X.X. xoʻjalik yer maydoniga oʻrnatilgan suv nasosining elektr hisoblagichga tashqi taʼsir koʻrsatib, 139,9 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Gʻozgʻon shahri va Qiziltepa tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ushbu hududlardagi “M.S.” MCHJ hamda “Q.Q.” va “F.O.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, jami 266,8 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.