Butunjahon Turizm Tashkiloti va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targʻib qilish maqsadida 30-noyabr -4-dekabr kunlari Samarqand viloyati delegatsiyasi Ispaniya qirolligida boʻldi.

Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 24-sessiyasi doirasida viloyat delegatsiyasining Germaniya, Xitoy, Eron, Gretsiya, Gonduras, Moldova, Kote Divore, Keniya, Namibiya, Angola, Braziliya, Kosta Rika, Dominika Respublikasi, Komboja, Sudan, Kuba, Kongo demokratik Respublikasi, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Zimbabve, Janubiy Koreya, Nikaragua va Namibiya kabi 23 ta mamlakatning turizm masalalari boʻyicha vazirlari va elchilari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchilar uchun Samarqandda tashkil etilgan imkoniyatlar, turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, yangi tashkil etilayotgan Samarqand xalqaro aeroporti terminali, “ Samarkand touristic centre” majmuasi va boshqalar toʻgʻrisida xorijiy tomonga maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, tomonlarning taklif va tavsiyalari boʻyicha amaliy ishlarni olib borish orqali sayyohlar oqimini yanada oshirish yuzasidan kelishib olindi, deb xabar beradi Тurizm va sport vazirligi matbuot xizmati Samarqand viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi maʼlumotiga tayanib.