Ma’lumot uchun, xalqaro darajadagi tadbir 13–17-oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Tadbir davomida yerni barqaror boshqarish, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xo‘jaligida ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash va yerning degradatsiyasi hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishga doir strategik maqsadlarni amalga oshirish jarayonlari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, Konvensiyani imzolagan 196 mamlakat va Yevropa Ittifoqi, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, donorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang bo‘ronlari, yerlardan barqaror foydalanish, yerlarni tiklash masalalarini muhokama qilishadi.
Bitim imzolash marosimida nutq so‘zlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi, o‘rmon yong‘inlari va boshqa ekologik muammolarga e’tibor qaratdi.
“Ekologik kun tartibi Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatda investisiyalarning yarmidan ko‘pi cho‘llanishga duchor bo‘lgan hududlarga yo‘naltirilgan. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida chang va tuz bo‘ronlarining oldini olish maqsadida 2 million gektardan ortiq maydonga ommaviy o‘rmonzorlar ekildi, — dedi dedi Aziz Abduhakimov. — Qolaversa, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti – “Greyen University” tashkil qilindi. Bundan maqsad ekologik muammolarga tezkor va samarali yechim topish uchun malakali kadrlar sinfini shakllantirishdir”.
Vazir, shu bilan birga, CRIC-21 tadbiri ekologiya sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashini alohida ta’kidladi.
“Biz har yili 100 million gektar yerlarni yaylov, oziq-ovqat ishlab chiqarish, chorva ozuqasi va tabiatdan oladigan boshqa ehtiyojlar uchun yo‘qotamiz. Tabiat endi bu muvozanatni saqlay olmaydi. Ushbu konferensiya sog‘lom iqtisodiyot, sog‘lom odamlar va ayni paytda sog‘lom ekotizimlar o‘rtasida muvozanatni saqlash uchun kelgusi 20-30 yil davomida nimalar qilish kerakligini aniqlab olishga imkoniyat beradi. Ekologik muammolarning yechimini topishda, O‘zbekiston muhim rol o‘ynaydi", — dedi Ibrohim Tiav.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 9-20-may kunlari Kot-dIvuar Respublikasida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyasining navbatdagi 15-tomonlar Konferensiyasining yig‘ilishida 2023-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘sini mustahkamlaydi, salohiyatli donor tashkilotlarning faollashuviga va sohaga yangi loyihalar kirib kelishining jadallashuviga xizmat qiladi.