Koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlar taʼbiri bilan aytganda sara urugʻdan moʻl hosil olinadi. Shu munosabat bilan urugʻlik don yetishtirish, saralash, dorilashning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi muhim ahamiyatga ega.

Mazkur tadbirlarning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishi yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tumanlar boʻlimlari tomonidan jiddiy nazorat oʻrnatilgan.

Xususan, inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan 2021-yilning yanvar-avgust oylari davomida don yoʻnalishida 1 ming 225-marta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, 170 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

— Aniqlangan 32 ta qonunbuzilish holatlari vakolat doirasida koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi, 23 ta qonunbuzilishi boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Xushnud Nurbekov. — 2022-yil hosili uchun jami 29 ming 51 tonna urugʻlik gʻalla tayyorlanishi rejalashtirilgan boʻlib, shuning 17 ming 836 tonnasi tozalanib saralandi, 17 ming 313 tonnasi dorilandi. Bir kunda oʻrtacha 50-55 tonna urugʻlik gʻalla dorilanmoqda.

Jumladan, Jomboy urugʻ sexi tomonidan mavsum boshidan buyon 2 ming 410 tonna,Toyloq urugʻ sexida 2 ming 30 tonna, Nurobod urugʻ sexida 644 tonna, 3-sonli urugʻ sexida 2 ming 723 tonna, Samarqand urugʻ sexida1 ming 427 tonna, “Chelak” urugʻ sexida 1 ming 925 tonna, “Zirabuloq” urugʻ sexida 2 ming 356 tonna, “Ishtixon” urugʻ sexida 2 ming 64 tonna, “Kattaming UK” MCHJ 1 ming 135 tonna, “EUX” MCHJ urugʻ sexida 599 tonna sifatli urugʻlik don tayyorlandi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.