Hayotga tadbiq etilayotgan manzilli dastur va islohotlar bois Oʻzbekiston meva va sabzavot mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlardan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda 80 dan ortiq mamlakatga 180 turdan ziyod sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar yetkazib berilayotgani buning yaqqol dalilidir.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021-yil hosili uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda tumanlar boʻlimlari tomonidan tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2021-yil hosili uchun fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining 23 ming 114 gektar asosiy maydonlariga sabzavot ekinlarini ekish yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda.

Jumladan, 8 122 gektar yer maydoniga kartoshka, 4 443 gektar pomidor, 3 634 gektar yerda bulgʻor qalampiri, 3 920 gektarda osh lavlagi, 3 242 gektar yer maydonida piyoz, 2 745 gektar yerda sabzi, 1 186 gektar yer maydonida bodring va boshqa sabzavot ekinlari ekilmoqda.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan sabzavot ekinlarini ekish yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Oʻtkazilayotgan tahlillarga koʻra, 2021-yil hosili uchun Bulungʻur tumanida 4 121 gektar, Jomboy tumanida 3 892 gektar, Kattaqoʻrgʻonda 1 941 gektar, Narpay tumanida 1 944 gektar, Oqdaryo tumanida 1 239 gektar yer maydoniga sabzavot ekinlari ekish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

— Shuningdek, 2021-yil hosili uchun viloyatdagi fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining 62 ming 202 gektar, bogʻ va tokzorning 25 ming gektari qator orasiga sabzavot, poliz, dukkakli va ozuqa ekinlari ekilmoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Xushnud Nurbekov. — Xususan, Pastdargʻom tumanidagi 3 ming 78 gektar bogʻ va tokzorning 1 ming 177 gektarida, Ishtixon tumanidagi 5 ming 457 gektar bogʻ va uzumzor maydonining 2 ming 20 gektarida, Payariq tumanida 8 ming 405 gektar bogʻ va tokzorning 3 ming 38 gektarida, Samarqand tumanidagi 8 ming 225 gektar bogʻ va tok maydonining 3 ming 227 gektarida va Urgut tumanidagi 9 ming 320 gektar bogʻ-tok qator orasining 3 ming 348 gektarida sabzavot ekinlari ekilmoqda.

Samarqandlik koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlarning beminnat mehnati, aholini sifatli va arzon qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashi natijasida mamlakatimizning eksport salohiyatini yana-da oshirishga erishilmoqda.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

axborot xizmati