Samarqanddagi paxta-toʼqimachilik klasterlari 2021 yil hosili uchun urugʼlik paxtani tozalash-saralash, tuksizlantirish va dorilashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, klaster korxonalari tomonidan urugʼlik chigitni dorilash uchun talab etiladigan urugʼdorilagichlar, qogʼoz qoplar, etiketka, ip zahirasi shakllantirildi. 2021 yil hosili uchun paxtaning “Sulton”, “Buxoro-102”, “Omad”, “S-8286” singari iqlim sharoitiga mos, ertapishar va hosildor navlari ekilishi rejalashtirilgan. Sifatli urugʼlik chigit tayyorlanishi “Oʼzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari hamda hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Mazkur ishchi guruhi tomonidan mavjud klaster korxonalarida urugʼlik paxta gʼaramlari saqlanishi, urugʼlik chigitni tozalash, saralash va dorilashni oʼz vaqtida va sifatli bajarish singari masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, 2020 yilning dekabrь oyida 1 ming 955 tonna sara urugʼ tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Shu maqsadda viloyatdagi mavjud 6 ta paxta-toʼqimachilik klasterlari tomonidan 6 ming 186 tonna urugʼlik paxtani tozalash belgilangan. Kelgusi yil hosili uchun belgilangan rejaga koʼra, “Maroqand sifat” MChJ tomonidan 1 ming 690 tonna, “Samarqand Kamalak invest tekstil” MChJ tomonidan 1 ming 170 tonna, “Payariq klaster”MChJ tomonidan 955 tonna hamda “Paxtachi klaster” MChJ tomonidan 805 tonna, jami 4 ming 994 tonna sara urugʼlik chigit jamgʼarish yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda. Ushbu agrotexnik tadbirlardan koʼzlangan asosiy maqsad, 2021 yil hosili uchun puxta zamin hozirlashdan iborat.
“Oʼzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati