Kartoshka kundalik hayotimizda ehtiyoj va talab yuqori boʻlgan mahsulotlardan biri sanaladi. Tibbiyotchilar xulosasi bilan qaralganda inson yiliga oʻrtacha 50 kilogramm kartoshka isteʼmol qilishi lozim. Shu bois, mamlakatimizda zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda kartoshka yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, import oʻrnini bosadigan mahsulot yetishtiruvchilarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan Prezidentimizning 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda 2021-yil hosili uchun 9 ming 231 gektar takroriy maydonda kartoshka ekinlari parvarish qilinmoqda. Tajribali dehqonlar kartoshkadan moʻl hosil yetishtirish asosan urugʻning sifatiga bogʻliq ekanligini yaxshi bilishadi. Shu maqsadda, joriy yilda kartoshkaning “Pekas”, “Gala”, “Fontane”, “Evolyushn”, “Arizona”, “Monto Karlo”, “Fontana” singari navlarining super elita, elita va R-1 yuqori avlodidan ekilgan.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklarining kartoshka ekiladigan maydonlarga 32 ming 309 tonnaga yaqin urugʻlik bilan taʼminlash yuzasidan tizimli nazorat tadbirlari amalga oshirilgan.

 Hususan, joriy yilda Bulungʻur tumanida 2 ming 306 gektar, Jomboyda 1 ming 900 gektar, Urgut tumanida 1 ming 415 gektar hamda Tayloq tumanida 1 ming 900 gektar takroriy yer maydonida kartoshkaning iqlim sharoitiga mos, serhosil navlarini parvarishi yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda viloyatning takroriy yer maydonlariga ekilgan kartoshkadan 165 ming tonna hosil yetishtirish moʻljallanmoqda, deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Xushnud  Nurbekov.