Samarqandda 248,33 gramm geroin ushlab qolindi

    Urgut tumani Chep mahallasida yashovchi A.D. va Vatkan-Qoʻzibek mahallasida yashovchi Sh.X. jinoiy til biriktirib, giyohvand modda oldi-sotdisi bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlandi.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xabar qildi.

    Viloyat huquq-tartibot idoralari xodimlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.D., Z.F. hamda Sh.X. harakatlanib ketayotgan avtomashinada 248,33 gramm miqdorda geroin giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirildi.

    Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida ushbu giyohvandlik vositalari fuqaro A.D. ga tegishli boʻlib, uni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi fuqaroga yetkazib berishni rejalashtirgani maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat boʻyicha Sh.X. va A.D.larga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.