Samarqandlik koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlar 2021-yil hosili uchun 4 ming 470 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 94 ming 230 gektar suvli maydonga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlaridan 235 ming tonnadan ortiq hosil yigʻishtirib olish maqsadida astoydil mehnat qilishmoqda.
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumida qatnashuvchi 273 ta gʻalla oʻrish kombaynlarining texnik holati koʻzdan kechirilib, maxsus sertifikatlar berildi.
— 2021-yil hosili uchun oʻrim-yigʻim mavsumida qatnashuvchi kombaynlarni taʼmirlash maqsadida 8 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Mavsumni qisqa muddatda va betalofat oʻtkazish yuzasidan 273 ta otryadlar shakllantirildi, — deydi inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Shahriddin Butunov. — Gʻalla oʻrish kombaynlaridan unumli foydalanish maqsadida, texnik xizmat koʻrsatuvchi koʻchma guruhlar “Mexanizatorlar uyi” tashkil etildi. Yoqilgʻi moylash materiallari bilan uzluksiz taʼminlash uchun zaruriy miqdorda yoqilgʻi moylash materiallari zahirasi shakllantirildi. Joriy yilgi mavsumga tayyorgarlik koʻrish maqsadida ilk bor kombaynlarning barchasi 20 kilometr masofaga texnik sinovdan oʻtkazildi. Ayni paytda inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan viloyatdagi mavjud 4 ta donni qayta ishlash korxonalariga qarashli 18 ta don qabul qilish shaxobchalarini mavsumga hozirlash yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda. Jumladan, “Samarqanddonmahsulotlari” AJga qarashli “Samarqand” don qabul qilish maskani tomonidan Samarqand, Nurobod va Pastdargʻom tumanlaridagi 286 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan 5 ming 775 tonna don mahsuloti qabul qilinadi. Hosilning 2 ming 962 tonnasi tovar, 2 ming 813 tonnasi urugʻlik bugʻdoyni tashkil etadi. 2021-yilda gʻalla oʻrish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan shaxobcha urugʻlik sexida 876 million soʻm mablagʻ evaziga Turkiyaning zamonaviy uskunasi oʻrnatildi.
— “Jomboy don masʼhulotlari” AJ tomonidan Jomboy, Toyloq va Urgut tumanlarida yetishtirilgan gʻalla qabul qilinadi, — deydi inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Rashid Sobirov. —Korxonaning saqlash sigʻimi 103 ming tonnani tashkil etadi. 25 ming tonna omborxona mavjud boʻlib, ayni kunlarda bu yerda bir sutkasida 350 tonna bugʻdoy qayta ishlanib 250 tonna un mahsuloti isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda. Inspeksiya organlari xodimlari tomonidan mavsumga tayyorgarlik ishlarida samaradorlikni yanada oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati