Samarqandda 7 korxona 2 milliard so'mdan ziyod elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan

    Bu 26 ming 142 ta xonadonning bir oylik iste'moliga teng elektr quvvatidir.

    Energetika vazirligi huzuridagi “O'zenergoinspektsiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr ta'minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari o'tkazilmoqda.

    Xususan, tadbirlar davomida Samarqand shahrida faoliyat yuritib kelayotgan 6 ta hamda Kattaqo'rg'on tumanidagi bitta korxona elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanganligi aniqlandi. Natijada davlat manfaatlariga 2 mlrd 355 mln 502 ming 460 so'm (5 mln 228 ming 433 kVt·soat) zarar etkazgan.

    Qoidabuzar iste'molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko'rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.