Samarqandda Amerikaga yuborish uchun 40 ming AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlandi

    Dastavval Yevropaga, soʻngra Meksika davlati orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborishni vaʼda qilgan.

    Samarqand shahrida yashovchi, 1987-y.t., muqaddam sudlangan shaxs Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, u va uning turmush oʻrtogʻini oʻzining tanishlari yordamida dastavval Yevropaga, soʻngra Meksika davlati orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborishni vaʼda qilib, evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Samarqand shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, mazkur shaxs oldindan 12 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u avval ham moʻmaygina pul evaziga bir nechta fuqaroni Qoʻshma Shtatlarga noqonuniy yuborganligi maʼlum boʻldi.

    Hozirda ushbu fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.