Samarqandda bir oilaning 4 a'zosi gaz portlashidan halok bo‘lganiga rasmiy bayonot berildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani “Madrasa” mahallasida yashagan  bir oilaning 4 nafar aʼzosi gaz portlashidan halok bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Viloyat Prokuraturasi hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

    Taʼkidlanishicha, 2023-yil 17-mart kuni soat 05:00 da Kattaqo‘rg‘on tumani “Madrasa” mahallasida yashagan A.R. uyidagi tabiiy gazga mo‘ljallangan isitish pechini ehtiyotsizligi bilan noto‘g‘ri o‘t oldirganligidan kelib chiqqan qisqa muddatli chaqnash kuzatilgani oqibatida A.R, turmush o‘rtog‘i K.F, nabiralari I.A. hamda O.A.lar 50-60 % kuyish jarohatlari bilan davolanish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

    2023-yil 26-mart kuni K.F. Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasida, voyaga yetmagan I.A. va O.A. lar RSHTYOIM Samarqand filialida vafot etgan.

    2023-yil 27-mart kuni A.R. Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

    Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.