"Central Asia TEFL - 2022» konferensiyasi ingliz tilini oʻqitish boʻyicha soha mutaxassislari uchun noyob mintaqaviy tadbirdir. Mazkur anjuman ingliz tilini oʻqitishda xalqaro oʻqitish standartlarini oʻrganish, talabalarni onlayn va yuzma-yuz muloqot qilishning zamonaviy usullari bilan tanishtirish, taʼlimni yuqori bosqichga olib chiqish uchun innovatsiyalar va texnologik yechimlarni qoʻllash kabi maqsadlarni oʻzida mujassam etgan.

Konferensiyada Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa 21 davlatdan 80 nafardan ortiq ishtirokchilar anʼanaviy va masofaviy tarzda qatnashdi. Shuningdek, anjumanda chet el mamlakatlaridan tajribali mutaxassislar, sohaga doir kitob mualliflari — Penni Ur, Alan Pulverness, Xisham al-Sagbani, Viktoriya Klark ishtirok etdi.

"Central Asia TEFL — 2022» konferensiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ELT (English language teaching) boʻyicha mutaxassislarni birlashtirgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur konferensiya orqali yurtimizdagi xorijiy til oʻqituvchilariga dunyoning turli burchaklaridan kelgan hamkasblari bilan uchrashish hamda fikr va tajriba almashish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, konferensiya davomida hozirgi kunda mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻqitishni takomillashtirishda eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihatlar muhokama etildi.