22 yoshli yigit Samarqand viloyati IIBga ariza bilan murojaat qildi.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Jomboy tumanida yashovchi 25-30 yoshlardagi ayol fuqarolarning ishonchiga kirib, shahvoniy uydirmalar uyushtirib, sportchi yigitlardan iborat jinoiy guruh tuzgan.

Fuqarolarni qoʻrqitish orqali yalangʻoch holatdagi tasvirlarga tushirgan va ulardan tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilgan.

Mazkur guruh murojaat qilgan ushbu yigitni ham shantaj qilib, undan yozgan tilxati, haydovchilik guvohnomasi va avtomashinasi “texpassporti”ni qaytarib olish evaziga 1500 AQSH dollari miqdorida pul soʻragan.

Arizasida 22 yoshli yigit ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan. Arizaga asosan, Samarqand viloyati IIB tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ayol hamda uning sheriklari ushbu yigitdan 1500 AQSH dollar evaziga uning hujjatlarini qaytarib berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Ayolning jinoiy sheriklari sportning milliy kurash, qoʻl jangi va boks va boshqa turlari bilan shugʻullangan sportchilar boʻlgan.

Qolaversa, ular bir nechta jinoyatlarni tashkil etib, zoʻravonlikni targʻib etuvchi holatlarni jumladan, tuhmat qilish, oʻzgalar mulkini talon-taroj qilish, tovlamachilik kabi qator jinoyatlarni sodir etgan.

Mazkur shaxslarga nisbatan JKning bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.