Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida AQSHga noqonuniy yoʻllar bilan yetkazib qoʻyishni taklif qilayotgan firibgarlar qoʻlga olindi.
Xususan, Samarqand shahrida yashovchi, 1994-y.t. shaxs aldov yoʻli bilan Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1998-y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, uni “Oʻzbekiston-Ispaniya-Meksika-AQSH” yoʻnalishi orqali Qoʻshma Shtatlarga yuborish evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Samarqand tumanida yashovchi, 1987-y.t. shaxs Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 1971-y.t. fuqaroni “Oʻzbekiston-Turkiya-BAA-Meksika-AQSH” yoʻnalishi orqali Amerikaga yuborish uchun 30 ming AQSH dollari talab qilib, 10 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.