Samarqandda ham imtiyozli narxda tarqatilishi mo‘ljallangan ko‘mir talon-taroj qilindi

    Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ko‘mir ombor mudirlari prosessual tartibda ushlangan.

    Davlat tomonidan tarqatilayotgan ko‘mirning aholiga yetib borishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Samarqand viloyat filiali tasarrufidagi “Maroqand” va “Ziyovuddin” hududiy ko‘mir omborlari mudirlari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan ko‘mirlarni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Xususan, “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Samarqand hududiy filiali tasarrufidagi “Maroqand” xududiy ko‘mir ombori mudiri A.B. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 368,1 mln. so‘mlik 1225,6 tonna ko‘mirlar mahsulotlarini go‘yoki fuqarolar olganligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlab, naqd pulga sotib, shaxsiy manfaatlari yo‘lida talon-toroj qilgan.

    Shuningdek, “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Samarqand hududiy filiali tasarrufidagi “Ziyovuddin” hududiy ko‘mir ombori mudiri F.S. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 549,5 mln. so‘mlik 915,9 tonna ko‘mir mahsulotlari talon-toroj qilgan.

    Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ko‘mir ombor mudirlari prosessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari davom etmoqda.