Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filialida boʻlib oʻtgan muhokamada yuristni ishdan olish masalasi koʻrib chiqilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yuridik boʻlim boshligʻi I.S.ning soʻzlari deya videolavha joylashtirilgan edi va bu holat koʻplab salbiy fikr va eʼtirozlarga sabab boʻlgan. Videoda yuristning oʻzi bilan bir tashkilotda ishlovchi ayol G.S.ni toʻshakka taklif qilgani, bunga rozi boʻlmasa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 207- (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209- (mansab soxtakorligi) moddalari bilan ish ochishini aytib qoʻrqitgani aks etgan.

Ayolning oʻzi Facebook sahifasida post qoldirib, unda jamoatchilikdan vaziyat boʻyicha yordam berishini soʻragan. “Biz qanday jamiyatda yashayapmizki, ayollar qoʻllanayotgan zamonda tashkilotda I.S.ga oʻxshaganlarga yem boʻlsak? Nega tinch ishlashga imkon qoldirmayapti? Aybim nomusimni himoya qilganimmi?” — deydi u.

Muhokama yakunida AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari soʻzga chiqib, yuridik boʻlim boshligʻi I.S. jamiyatning Samarqand hududiy filiali direktori buyrugʻi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilganini maʼlum qilgan. Shuningdek, muhokamada hududiy filial direktori oʻrinbosari G.S.ning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yoʻllagan murojaati doirasida masalaga huquqiy baho berilishi bildirilgan.