Bunga qadar buyrak transplantatsiyasi oparetsiyasi yurtimizda faqatgina Toshkent shahrida Respublika shoishilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilar edi.
Qariyb uch soat davom etgan, Samarqanddagi ilk buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bulungʻurlik 31 yoshli O.Xoʻjaqulov ancha yillardan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrib kelar edi. Bugun unga ukasi M.Xoʻjaqulov bir buyragini berdi. Eng muhimi, har ikkovining ham ahvoli yaxshi va ular tibbiy standartlar asosida shifokorlar nazoratida.
Operatsiya stoliga yotqiziladigan yana bir bemor 19 yoshli Shoxsanam Shonazarovadir. U bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan kurashib keladi. Xatto, ahvoli ogʻirlashib borganligi bois 2010-yilda unda jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, chap buyragi olib tashlangan. Salkam bir yildan buyon Shoxsanam muntazam ravishda gemodializ muolajasini olishga majbur boʻlgan. Hozirda Shohsanamning onasi Sh.Salomova barcha tekshiruvlardan oʻtkazilib, tahlilar natijasida uning sogʻlom ekanligi qayd etilgani bois qiziga donorlik qilayapti.
Keyingi bemor Sherzod Boliyev. Hozirda Sherzod ham jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ishtixonning “Oxunboboyev” QFYda yashovchi 19 yoshli bemor yarim yildan buyon gemodializ apparatiga “bogʻlanib” yashayotgan edi.
Sh.Boliyevga onasi S.Xudayarova bir buyragini berishga qaror qilgan. U jarrohlik amaliyotidan soʻng farzandi Sherzodbekning oʻzi tanlagan sohasida yutuqlarga erishib, jamiyatda oʻz oʻrnini topishini istaydi.