Samarqandda kartoshka urugʻchiligi rivojlanadi

    Samarqand agroinnovasiyalar va tadqiqotlar institutida “Oʻzbekistonda kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

    Tadbirda qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari, Oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlari vakillari ishtirok etdi.

    Samarqand agroinnovasiyalar va tadqiqotlar instituti kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish borasida Janubiy Koreya Respublikasi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi, Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish korporatsiyasi bilan hamkorlikda besh yillik loyiha imzolagan. Loyiha doirasida institutda gidroponik-issiqxona, In-vitro laboratoriyasi va omborxonalar qurildi.

    Konferensiya boshlanishidan avval institut hududida joylashgan In-vitro laboratoriyasi va gidroponikali issiqxonalarning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    — Bu yil institutda barpo etilgan gidroponikali issiqxonaga Koreyalik mutaxassislar, institut olimlari va tadqiqotchilar birgalikda dastlabki mikrotuganaklarni ekishdi, — dedi institut rektori, professor Shavkat Hasanov. — Dastlabki tadqiqotlarga koʻra, respublikamizda keng tarqalgan 3 ta nav, jumladan “Pikasso”, “Sante” va “Nevskiy” navlari sinovdan oʻtkazilmoqda. Kelgusida ushbu markazda intensiv usulda respublikamiz iqlim sharoitiga mos navlarni va ularning sogʻlom yuqori sifatli urugʻlarini ishlab chiqish hamda sohada kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan.

    — Chetdan keladigan kartoshka urugʻchiligini Oʻzbekistonda yetishtirish maqsadida ushbu loyihani boshladik, — dedi Xalqaro bogʻdorchilik instituti direktori, professor Lee YB. — Ikkinchi maqsadimiz kartoshka urugʻchiligi borasida salohiyatli kadrlarni yetishtirishdan iborat. Samarqand sharoiti kartoshka yetishtirishga mos hudud, shuning uchun biz aynan ushbu issiqxonalarni Samarqandda qurishni rejalashtirdik. Bugun institutning yetuk olimlari va tadqiqotchilari bilan birgalikda zamonaviy issiqxonalarda tadqiqotlar olib boryapmiz.

    Shuningdek xalqaro ilmiy amaliy konferensiya doirasida Oʻzbekistonda kartoshka seleksiyasi va urugʻchiligidagi muammolar, uning yechimlari hamda kadrlar salohiyatini oshirish, kartoshka yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalar hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish mavzularida muhokamalar boʻlib oʻtdi.

    — Bir gektar kartoshkadan olinayotgan hosildorlik bizda 17-18 tonna atrofida edi, — dedi institut kafedra mudiri, professor Sobir Sanayev. — Shu kecha-kunduzda respublikada bir gektardan olinayotgan hosildorlik 30 tonnagacha koʻtarildi. Bu kartoshka ekinida olib borilayotgan tadqiqotlar va ilmning natijasidir. Shuning uchun ham unga eʼtibor katta.

    Bugungi kunda xorijdan keltirilayotgan kartoshka urugʻlarining bir kilogrammi oʻrtacha 15-20 mingni tashkil qilsa, 1 gektar yerga 3,5-4 tonna urugʻ ekilishini hisobga olsak, bu 70 million soʻm boʻladi. Xorijdan olib kelayotgan kartoshka urugʻlarini arzonlashtirish va dehqonlarning daromadini oshirish maqsadida kartoshka urugʻchiligini oʻzimizda tayyorlash maqsad qilingan.

    Konferensiya ishi ikki kun davom etadi.


    Hamkorlik materiali