Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 16-may kuni Pastdargʻom tumani IIB ga 2009-yilda tugʻilgan B.S. (oʻgʻil bola) tan jarohati olganligi toʻgʻrisida uning onasi J.I. dan ariza kelib tushgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, voyaga yetmagan B.S. 20-maktabning 9-sinfida taʼlim olishi, u shu maktabning 6-sinf oʻquvchisi Q.A. (qiz) ga sevishini aytgani, soʻng Q.A. ning akasi, A.Q. holatdan xabar topib, 15-may kuni B.S. ni oʻz uyining ichki tomoniga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgan.

Shuningdek, A.Q. goʻyoki uning taʼzirini berish maqsadida B.S.ning sochi va qoshini qaychi bilan qirqib, uyidan chiqarib yuborgan. Mazkur voqea yuzasidan 19-may kuni Pastdargʻom tumani IIB TB tomonidan JKning 105-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tergov davomida voyaga yetmagan B.S. ga nisbatan sodir etilgan boshqa gʻayriqonuniy harakatlarga huquqiy baho berilmoqda. Bu borada qoʻshimcha axborot beriladi.