Bu haqda 6-fevral kuni Toshkentda oʻtkazilgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxanov maʼlum qildi.
Maʼlum boʻlishicha, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyilgan. Xususan, bayramga yuborilgan 8 nafar oʻquvchidan:
- ikki nafari boshqarma boshligʻining farzandi va jiyani,
- ikki nafari boshqarma hisobchisi va metodistining farzandlari,
- bir nafari boshqarma rahbarining yaqin tanishining oʻgʻli ekani aniqlangan.
Ushbu safar uchun mahalliy byudjetdan 95 mln soʻm ajratilgan. Qarindoshlik holatlari fosh etilgach, uch nafar oʻquvchining ota-onasidan 28 mln soʻm mablagʻ mahalliy byudjetga qaytarildi.
Antikorrupsiya agentligi rahbariga koʻra, mazkur holat davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid hisoblanadi. Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga aybdorlarga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha boʻlgan qatʼiy choralar koʻrish haqida taqdimnoma kiritilgan. Vazirlikdan 10 kun ichida javob kutilayotgani bildirildi.
Qayd etilishicha, bayramga taklifnomada ishtirokchilarni tanlashda taʼlimda yuqori natija koʻrsatgan va fan olimpiadalari gʻoliblariga ustuvorlik berish tavsiya etilgan.