Samarqandda Mirzo Ulugʻbek nomidagi matematika va fizika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati tashkil etildi

    Ta'lim 30 Oktabr 2020 7581

    Bugun, 30-oktyabr kuni Samarqand viloyati hokimining bu haqdagi qarori qabul qilindi.

    Viloyatda istiqbolli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodni ilm-fanga qiziqtirish va ularning intellektual salohiyatini oshirish, matematika va fizika fanlari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning uzluksiz tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida qabul qilingan qarorga koʻra, Samarqand shahar Sartepa maskanida joylashgan sobiq 10-mehribonlik uyi bino va inshootlari yangi maktab-internet uchun ajratildi.

    Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

    - umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va ingliz tilini chuqur oʻqitilishini tashkil etish;

    - matematika va fizika fanlari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilarni tanlash, ularga ushbu fanlardan zamon talablari darajasida chuqurlashtirilgan bilim berish, oliy taʼlim tizimi uchun yuqori intellektual salohiyatli yoshlarni tayyorlash;

    - oʻquvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;

    - har bir oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

    - yuqori kasb mahoratiga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mamlakatlardan tajribali oʻqituvchilarni jalb qilish;

    - iqtidor va isteʼdodni aniqlash hamda kamol toptirish boʻyicha oʻquvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash.

    Ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori talablari asosida yoʻlga qoʻyiladi.