Bugun, 23-aprel kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi delegatsiyalari oʻrtasida rasmiy muzokaralar boshlandi. Uchrashuv ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari — Baxtiyor Saidov va Sergey Lavrov boshchiligida oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov oʻz Telegram-kanalida xabar berishicha, muzokaralar doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtmoqda. Tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilmoqda.
Muloqot davomida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, muhim mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilmoqda.