Samarqanddagi paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 2021-yil hosili uchun urugʻlik paxtani tozalash-saralash, tuksizlantirish va dorilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2021-yil hosili uchun paxtaning “Sulton”, “Buxoro-l02”, “Omad”, “S-8286” singari iqlim sharoitiga mos ertapishar va hosildor navlari ekilishi rejalashtirilgan. Sifatli urugʻlik chigit tayyorlanishi Inspeksiyaning Samarkand viloyat boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Inspeksiya organlari inspektorlari tomonidan mavjud klaster korxonalarida urugʻlik paxta gʻaramlari saqlanishi, urugʻlik chigitni tuksizlantirish, tozalash, saralash va dorilashni oʻz vaqtida va sifatli bajarish singari masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Kelgusi yil hosili uchun belgilangan rejaga koʻra “Maroqand sifat” MCHJ tomonidan 1 ming 690 tonna, “Payariq klaster” MCHJ tomonidan 955 tonna hamda “Paxtachi klaster” MCHJ tomonidan 805 tonna, jami 4 ming 994 tonna sara urugʻlik chigit jamgʻarish yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyatning Pastdargʻom tumanida 2021-yil hosili uchun 16 ming 949 gektar yer maydoniga chigit ekilishi rejalashtirilgan boʻlib, 1 ming 113 tonna urugʻlik chigit “Samarqand Kamalak invest tekstil” MCHJ qoshidagi Meli Qoʻchqorov nomli urugʻlik chigitni dorilash va saralash sexida tayyorlanmoqda. Bahorgi agrotexnik tadbirlar uchun muhim sanalgan jarayon, urugʻlik chigit tayyorlash tadbirlari mavjud meʼyoriy hujjatlarga asosan tashkillashtirilgan. Urugʻlik chigit unuvchanligi, sifati korxona laboratoriyasida muttasil sinovdan oʻtkazilmoqda. Hozirga qadar viloyatda 4 ming 630 tonnadan ortiq sara urugʻ tayyorlandi. Amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad, 2021-yil hosili uchun puxta zamin hozirlashdan iborat.