Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti habar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo tuman boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro V.I. fuqarolar E.X. va B.B.ning ishonchiga kirib, ularni Angliya davlatiga ishga yuborishi evaziga 4 500 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib, tadbir davomida 1,2 mln soʻm va 700 AQSH dollarini qaytarib berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro V.I. 47 nafar fuqaroni yuqoridagi kabi aldab, chet davlatlarga ishga yuborishi evaziga jami 37 160 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlandi.
Shuningdek, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.D. fuqaro A.F.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga yashash va ishlash uchun joʻnatishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga firibgarlik yoʻli bilan 4 000 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.