Oʻrganish yakunlari boʻyicha Samarqand viloyatini raqamli transformatsiya qilish dasturida belgilangan umumiy qiymati 46,2 milliard soʻmga teng boʻlgan 120 ta loyihalardan 78 tasi (65 foiz) toʻliq bajarilganligi, 38 ta (32 foiz) loyihalarning bajarilishi davom etayotganligi hamda 4 ta (3 foiz) loyihalar boʻyicha kechikish mavjudligi aniqlanib, ularni tezkor bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.
Viloyatda namunaviy tumanlar etib belgilangan Qoʻshrabot va Nurobod tumanlarda raqamlashtirish boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishi holati oʻrganildi. Jumladan, Qoʻshrabot tumanini raqamli transformatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan jami 31 ta loyihadan bugungi kunda 29 tasi toʻliq bajarilgan hamda 2 tasi bajarilayotgani va tegishli ishlar amalga oshirilayotgani hamda Nurobod tumanini raqamli transformatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan 42 ta loyihadan 39 tasi toʻliq bajarilgan va 3 tasi boʻyicha kechikish mavjudligi aniqlandi.
Shu bilan birga, ishchi guruh tomonidan yigʻilish oʻtkazilib, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq Hududlarni reytingli baholashda “qizil” roʻyxatdan joy olgan tuman (shahar)da mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar oʻzaro muhokama qilindi.
Yigʻilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining raqamlashtirishga doir Farmon va qarorlari ijrosini jadallashtirish va tumanlarning reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.