Unda Turkiya, Misr, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston kabi xorijiy davlatlardan qirqqa yaqin taniqli islomshunos, dinshunos olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiya ochilishida nufuzli xorijiy ekspertlar va ulamolar tomonidan Imom Buxoriy merosini oʻrganishning ahamiyati, alloma asarlarining jahon fondlarida saqlanayotgan nusxalarini tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar shuningdek, Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz bordi.
Anjuman avvalida “Sahihul Buxoriy” asarining nodir qoʻlyozma nusxalari haqida taqdimot namoyish etildi.
Ishtirokchilarning “Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari”, “Imom Buxoriy ilmiy merosi va hozirgi zamon”, “Movarounnahr ulamolarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzularida ilmiy maʼruzalari tinglandi.
Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom ilm-fanini ravnaq toptirishga qoʻshgan munosib hissasi, xususan, musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deya tan olingan Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” asari islom dinida Qurʼoni karimdan keyin ikkinchi muqaddas manba sifatidagi qiymati yana bir bor eʼtirof etildi.
Darhaqiqat, mazkur asar millionlab insonlar qalbini imon nuri bilan munavvar etib, haq va diyonat yoʻliga chorlab kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriyning axloqiy taʼlimotiga yangicha nazar bilan qarash hozirgi kunda har jihatdan dolzarb ekanini taʼkidlashdi.
Imom Buxoriy hadislarida mehr-oqibat, insonparvarlik, ota-ona va kattalarga hurmat, yetimlarga muruvvat, Vatanga muhabbat, halollik va bagʻrikenglik kabi insoniy fazilatlar, yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan oʻgitlar keng oʻrin olgan. Sirasini aytganda, alloma asarlari bugungi kunga qadar musulmon dunyosi uchun maʼnaviy-axloqiy yoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda.
Ishtirokchilar shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan diniy islohotlarning isboti oʻlaroq, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Imom Buxoriy va boshqa koʻplab allomalarning ulkan ilmiy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish bilan bogʻliq samarali faoliyatini eʼtirof etdilar.
Ishtirokchilar atroflicha fikr-mulohaza almashib, istiqbolda oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shu kabi tadbirlarni tizimli tashkil etish ehtiyojini alohida taʼkidladilar. Bu borada Imom Buxoriy markazining xalqaro maydonda yetakchi ilmiy muassasa maqomiga koʻtarilganini qayd etdilar, deb xabar beradi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.