Samarqandda oʻtkazilayotgan Xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining yillik konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev oʻqib eshittirdi.
Ishonchim komil, bugungi konferensiya ushbu sohada oʻzaro hamkorlikni xalqaro miqyosda yanada yuksaltirish va mustahkamlash, ilgʻor tajriba va gʻoyalar bilan almashish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qiladi.
Bu esa, anjumanda ishtirok etayotgan 500 dan ziyod milliy va xalqaro tashkilotlar, ishlab chiqaruvchilar va “riteyl” kompaniyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, soha rivojini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini beradi, deb umid qilaman.
Biz xorijiy hamkorlarimizning oʻzaro manfaatli barcha tashabbuslarini yuksak baholaymiz va qoʻllab-quvvatlaymiz. Jumladan, xalqaro brendlar Oʻzbekistonga kirib kelishi uchun zarur standartlarni joriy etishda har tomonlama koʻmaklashamiz, — deyiladi davlat rahbari yoʻllagan tabrikda.