Oʻzbekiston Respublikasi va Abu-Dabi Taraqqiyot jamgʻarmasi oʻrtasida loyihani amalga oshirish uchun 4 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 17 yilda qaytarish muddati bilan qarz bitimi imzolangan. Unda, shuningdek, loyihani amalga oshirish davri 4 yil, yaʼni 2022-2026-yillarni tashkil etishi belgilangan.
Loyihani jadallashtirish maqsadida ish 4 ta LOTga ajratilib, “Qurilish ishlarini tayyor holda topshirish” sharti bilan xalqaro tender savdolariga qoʻyilgan.
Lotlarning birida Gagarin va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida 750 metr, inshoot uzunligi 44 m.; Gagarin va Rudakiy koʻchalari kesishmasida 650 metr, inshoot uzunligi 50 metr boʻlgan tonnellar, 2 ta Gagarin koʻchasidagi temiryoʻl ustida 78 metr, Siyob kanali ustida 165 metr boʻlgan koʻprik qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu vazifa boʻyicha oʻtkazilgan tender natijalariga koʻra, “Meʻmor Utkir Chovka LLC” (Oʻzbekiston) & “Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd” (Xitoy) – Konsorsium gʻolib, deb topilgan.
Hozirda obyektda qurilishi ishlarini tashkillashtirish uchun vaqtinchalik bino vagonchalar tashkil qilingan. Kommunikatsiya tizimlarini koʻchirish ishlari boshlanib, elektr energiyasi hamda aloqa tarmoqlarini, temiryoʻl ustidan oʻtuvchi koʻprik atrofida toʻsiq devorlarni koʻchirish ishlari olib borilmoqda.
Hududdagi barcha kommunikatsiya tizimlari koʻchirilib, avtomobillar va piyodalarning xavfsiz harakatlanish sxemalari tuzilib, tasdiqlanganidan soʻng bosqichma-bosqich qurilish ishlari boshlanadi.
Shuningdek, qayd qilingan loyiha doirasida yoʻllar qurilishi ham rejalashtirilgan. Xususan, Amir Temur koʻchasining Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigagacha 2,3 km. hamda Gagarin koʻchasining Gulobod koʻchasidan M-37 avtomobil yoʻligacha 9,2 km. qismi qurilib, rekonstruksiya qilinadi. Bu borada oʻtkazilgan tender natijalari boʻyicha “New Tech Samarkand” (Oʻzbekiston), “Sinoindustrial Tashkent” (Oʻzbekiston) va “Tekar Teknik Arastirma Ticaret Limited Sirketi” (Turkiya) – Konsorsiumi gʻolib, deb topilgan.
Bugungi kunda obyekt boʻyicha pudrat shartnomalarni rasmiylashtirish uchun tender natijalari hisobotlariga Abu Dabi Taraqqiyot jamgʻarmasining roziligi olinib, pudrat shartnomasi tayyorlanmoqda. Yaqin kunlarda pudrat shartnomalar rasmiylashtirilib, qurilish ishlari boshlanadi.
Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilishda suv inshootlari qurilishi ham koʻzda tutilgan. Jumladan, 6 ta nasos stansiyasi, 2 ta suv inshootlari (Dahbet va Choʻpon ota) rekonstruksiya qilinadi. Bunda “MESMER-EAST LLC” (Oʻzbekiston) & “GÜÇLÜ İNŞAAT” (Turkiya) - Konsorsium gʻolib deb topilgan. Pudrat shartnoma imzolagan mazkur kampaniya tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.
4-LOTda jami 11,2 km., shundan Amir Temur koʻchasida Boʻstonsaroy koʻchasidan Gagarin koʻchasigacha 2,3 km. hamda Gagarin koʻchasida 8,9 km. ichimlik suv tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshiriladi.
Tenderda gʻolib deb topilgan “MESMER-EAST LLC” (Oʻzbekiston) & “GÜÇLÜ İNŞAAT” (Turkiya) - Konsorsium bugungi kunda Amir Temur koʻchasining Gagarin koʻchasi kesishmasidan Boʻstonsaroy koʻchasiga qarab qurilish-montaj ishlarini boshlagan.
Qayd etish lozimki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 300 mln. AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlari ajratilishi belgilangan.