Anjuman Oʻzbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi, Finlyandiyaning Oulu universiteti, Shveysariyaning Caritas tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Erasmus+ dasturining OFINU loyihasi hamda Janubiy Koreya Xalqaro bogʻdorchilik instituti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, xalqaro universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy taʼlim muassasalari va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori, professor Shavkat Hasanov ochib berdi. U oʻz nutqida jahon miqyosida yashil iqtisodiyot va raqamli texnologiyalarning iqtisodiy taraqqiyotdagi oʻrni, shuningdek, yuqori salohiyatli kadrlarni tayyorlashning muhim ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Shuningdek, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Husan Toʻxtayev konferensiyaning dolzarbligi haqida gapirib, institutda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. U yoshlarning xorijiy amaliyotlarda faol qatnashishi, ilmiy jarayonlarning jadallashgani va xalqaro hamkorlikning kuchayganini alohida taʼkidladi.
Anjuman doirasida iqtidorli talabalar ilmiy tadqiqot va startap loyihalarining poster taqdimotini oʻtkazdi. Ular oʻz ishlanmalari orqali mavjud muammolarga amaliy yechimlar taklif qildi. Loyihalarning amaliyotga joriy etish imkoniyatlari yuqori baholanib, qatnashuvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, ishtirokchilar bir nechta shuʼbalarda iqlim oʻzgarishi, barqaror qishloq xoʻjaligi va suv resurslarini boshqarishda raqamli yechimlar, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga tadbiq etish, dorivor oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashda zamonaviy usullar, kadrlar tayyorlashda yangicha yondashuvlar kabi mavzular boʻyicha muhokamalarni davom ettirdi.
Tadbir yakunida taʼlim jarayonlariga ekologik innovatsiyalarni joriy etish, suv resurslarini boshqarishda raqamli yechimlardan foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash hamda barqaror ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirishga oid yangi tashabbuslar ilgari surildi.
hamkorlik materiali