Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi Aziz Abduhakimov, BMTning Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Emi Frenkel, xalqaro delegatsiyalar vakillari va xorijlik mehmonlar ishtirokida bogʻda shumtol, zarang, yapon saforasi, Qrim qaragʻayi va boshqa daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
«Yurtimizda daraxt koʻchatlari oʻtqazish yaxshi anʼanaga aylandi. Har bir xalqaro darajadagi tadbirda, albatta, xorijlik mehmonlarni daraxt ekishga jalb qilyapmiz. Natijada koʻplab parklar, bogʻlar barpo boʻlmoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — “COP14 — Yashil jamoat parki” 4,5 gektar maydonni egallaydi, bu yerda koʻchib yuruvchi yovvoyi hayvonlar asrash toʻgʻrisidagi konvensiya, tadbir davomida erishilgan natijalar, kelishuvlar, umuman, COP14 haqida tushuncha va boshqa kerakli maʼlumotlar joylashtiriladi. Eng muhimi, ushbu park havoni tozalashga xizmat qiladi».
Parkda jami 2500 tup turli daraxtlar ekiladi. Shuningdek, savdo doʻkonlari, avtoturargoh, shaxmat maydonchalari quriladi. Park aholi uchun har tomonlama qulay boʻlgan madaniy hordiq maskaniga aylanadi.
Maʼlumot uchun, Samarqandda oʻtkazilgan BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvnensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida “CRIC-21 yashil bogʻi” yaratilgandi.